Maktabgacha taʼlim: kecha va bugun

15:23 19 Oktyabr 2022 Jamiyat
436 0

Foto: Xalq so‘zi

Ilgari maktabgacha taʼlim muassasalari ish bilan band ota-onalarning farzandlari uchun tashkil etilgan, soat 7.00 dan 19.00 gacha faoliyat koʻrsatuvchi maskan sifatida qaralgan. Chunki bolalar ehtiyojidan koʻra jamiyatning ishchi kuchi manfaati ustuvor tutilgani bor gap. Boshqacharoq aytsak, bolaning jismonan va ruhan uygʻunlikdagi ulgʻayishi, dunyoni anglashi, qiziqishlari nomigagina qanoatlantirilar, tizimga masʼul Xalq taʼlimi vazirligi bunga koʻp ham ishtiyoqmand emas edi.

Fikrimizni Zarafshon shahri misolida asoslaydigan boʻlsak, 2020-yilga qadar shahardagi maktabgacha taʼlim muassasalarining aksariyati NKMK Shimoliy kon boshqarmasining tasarrufida boʻlib, tizim va uning infrastrukturasidagi mutaxassislarning farzandlari birinchi navbatda qabul qilinar edi.

— Bugun shahrimizda 37 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti mavjud, — deydi Zarafshon shahar MTB boshligʻi Mavluda Tursunova. — Shundan 18 tasi davlat, 15 tasi oilaviy, 3 tasi davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat MTT dan iborat. Shahrimizda 3-7 yoshli bolalar 7084 nafarni tashkil qilib, bugungi kunda ularning 6982 nafari, yaʼni 98,6 foizi maktabgacha taʼlim tizimiga qamrab olingan.

Yaqin istiqbolda Zarafshonda bolalarni maktabgacha taʼlim toʻliq qamrab olishning barcha imkoniyatlari mavjud. Ayni kunlardagi vazifa esa shahardagi MTTlarda taʼlim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, soha xodimlarining malaka va tajribasini oshirishdan iborat.

Navoiy viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi hamda Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyat boʻlimi hamkorligida tashkil etilgan press-turda OAV vakillari Zarafshon shahridagi MTTlar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, Navoiy kon-metallurgiya kombinati homiyligi asosida barpo etilgan “Umid” nomli reabilitatsiya markaziga ega koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkiloti jurnalistlar eʼtiborini tortdi. Ushbu muassasaning qurilish va jihozlash ishlariga 31 mlrd. 600 million soʻm mablagʻ sarflangan. Maxsus jihoz va tibbiy uskunalari bilan taʼminlangan. Uch blokdan iborat binoning har biriga liftlar oʻrnatilgan. Futbol maydonchasi, basseyn, sunʼiy qoplamali bolalar maydonchalar mavjud.

— Mashgʻulotlar belgilangan dastur asosida guruhlar boʻlingan holda olib boriladi, — deydi MTT mudirasi Dilafroʻz Fayziyeva. — Tarbiyalanuvchilarimiz imkoniyati cheklangan bolalar boʻlganligi sabab asosiy eʼtiborni ularning har bir intilishi, erishgan natijasini ragʻbatlantirish orqali tezroq sogʻlom tengqurlari safiga qoʻshishga qaratamiz.

Muassasamiz 72 oʻringa ega boʻlib, Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlaridan 41 nafar maktabgacha yoshdagi imkoniyati cheklangan oʻgʻil-qizlar tarbiyalanyapti.

Shundan soʻng press-tur ishtirokchilari shahardagi bir qator davlat hamda oilaviy MTTda boʻldilar. Chunonchi, davlat-xususiy sherikligi asosidagi “Shodon bolajon” MTT 2019-yilda tadbirkor Vazira Almurotova tomonidan tashkil etilgan. 125 oʻringa moʻljallangan muassasada 20 nafar malakali mutaxassis tomonidan tarbiyalanuvchilarga 6 ta guruhda mental arifmetika, ingliz tili, shaxmat, badiiy gimnastika kabi toʻgaraklarda qoʻshimcha mashgʻulotlar tashkil etilgan.

Tadbir doirasida OAV vakillari uchun viloyat MTB tomonidan matbuot anjumani tashkil etilib, unda boshqarma boshligʻi sohadagi islohotlar natijasida tizimdagi boshqaruv mexanizmi takomillashuvining samaralari, shuningdek, nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimi hamda soha uchun kadrlar tayyorlash siyosatidagi islohotlar boʻyicha batafsil maʼlumot berdi.

— Viloyatimizda davlat va nodavlat MTTlar soni 2017-yilda bor-yoʻgʻi 132 ta tashkil etgan boʻlsa, bugunga kelib bu koʻrsatkich 1 ming 158 taga, 3-7 yoshdagi bolalarni qamrab olish esa 34.1 foizdan 80.9 foizga yetdi, — deydi Navoiy viloyat MTB boshligʻi Oʻtkir Tillayev. — Qamrov bilan birga tizimda taʼlim berishning muqobil shakllaridan ham keng foydalanilmoqda. Xususan, 2020-2022 yilllarda barcha hududlarda 6 yoshli bolalar uchun 342 ta bir yillik bepul majburiy maktabga tayyorlov guruhlari tashkil etilib, ular orqali 6 ming 997 nafar bola maktablarga kuzatildi.

Viloyatdagi MTT kadrlari salohiyatiga toʻxtaladigan boʻlsak, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 2017-yilda jami pedagog xodimlarnin g24,2 foizini oliy maʼlumotli mutaxassislar tashkil etardi. Joriy yilning sentyabr holatiga bu koʻrsatkich 2.5 baravarga oshdi.

— Viloyatimizda maktabgacha taʼlim-tarbiya samaradorligi va pedagog kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmasi rejasiga muvofiq oʻquv seminar-treninglari, «Pedagogik kouching» faoliyati va qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etilmoqda, — deydi boshqarma matbuot xizmati rahbari Xurshida Narziyeva. —  maktabgacha taʼlim muassasalarimizda turli oʻyinlarga asoslangan holda taʼlim-tarbiya berish, bolalarni jismoniy, maʼnaviy, psixologik va intellaktual rivojlantirish, dunyoqarashini shakllantirish, iqtidor qirralarini aniqlash va oʻstirishda ota-onalar bilan hamkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Maqsad mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, har bir MTT tomonidan davlatning maktabgacha talab sohasida yagona siyosatini taʼminlashdir.

Taʼkidlash joiz, maktabgacha taʼlim muassasalari qamrovining oshirilishi, ayniqsa, qishloq sharoitida yashaydigan bolalar tarbiyasida muhim hayotiy ehtiyoj. Shu bois qamrov darajasi past Nurota, Navbahor, Konimex, Xatirchi tumanlarining davlat MTTlari mavjud boʻlmagan chekka qishloqlarida maxsus tayyorlangan va jihozlangan 9 ta mobil maydonchalarda 19 ta mobil guruhlar tashkil etildi. Har bir hududga bittadan maxsus jihozlangan avtobuslar («Aqlvoy» mobil MTT)ajratildi. Natijada jami 323 nafar 3-7 yoshli bolalarga bepul taʼlim xizmatlari koʻrsatilishi taʼminlanmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, bugun maktabgacha taʼlim tizimi tamomila yangi maqomda taʼlim va tarbiyada ota-onalarning yaqin hamkoriga aylanmoqda. Boisi, maktabgacha taʼlim muassasalari yosh bolali oilalarning mehnat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqini roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish bilan birga maktab yoshigacha boʻlgan bolalarning umumiy savodini chiqarish, bolalarda Vatanni sevish, gʻururlanish hissini uygʻotish, dunyoqarashni kengaytirish maskaniga aylanmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?