Maktabda muhtasham sayilgoh

16:51 20 Aprel 2022 Jamiyat
378 0

Foto: Халқ сўзи

Fargʻona tumani Buvayda tumanidagi Oqqoʻrgʻon qishlogʻi xalqimizning ardoqli yozuvchisi Abdulla Qahhor, askiya sanʼati dargʻasi Muhiddin qiziq Darveshev, oʻnlab atoqli ilm-fan namoyandalariga beshik boʻlgan maskan.

Qolaversa, Oqqoʻrgʻon shirasi tilni yorar anjiri, xushxoʻr qulupnayi bilan ham yurtimizda mashhur. Qishloq ahli dehqonchilik va hunarmandchilikda asriy anʼanalarni davom ettirib kelmoqda.

Buvayda tumani 2-sonli kasb-hunar maktabi aynan shu qishloqda joylashgan boʻlib, taʼlim dargohining 3,5 gektar yerida bir qarich ham boʻsh yerni koʻrmaysiz. Bogʻda olma, gilos, shaftoli, behi, olxoʻri, xurmo singari mevalar sharbatga toʻlib pishadi. Bogʻ orasiga turli koʻkatlar, toʻqsonbosti ekinlari, ertagi kartoshka, sabzi ekiladi.

Shu kunlarda maktab hovlisidagi issiqxonada bodring pishdi. Limon koʻchatlari hademay hosilga kiradi.

— Maktab bogʻi, issiqxonalar 7 ta yoʻnalishda oʻqib, kasb-hunar oʻrganayotgan 600 nafar yigit-qizlar uchun oʻziga xos amaliyot vazifasini bajaradi, — deydi maktab direktori Muxtor Qoraboyev. — Daromadlarimizni yigʻib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yaqinda maktab hududida moʻjazgina sayilgoh tashkil etdik.

Sayilgohdagi musiqali favvora, kamalak rangda tovlanadigan chiroqlar, noyob manzarali daraxtlar, anvoyi gullar ifori kayfiyatingizni koʻtaradi. Bu joy kattayu kichik oqqoʻrgʻonliklar uchun sevimli manzilga aylandi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?