Maktab taʼlimini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi

21:34 28 Yanvar 2022 Siyosat
4816 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-dekabr kuni maktab taʼlimini rivojlantirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Mamlakat kelajagi, barcha sohalar va loyihalar muvaffaqiyati bilimli insonlarga bogʻliq. Shu bois oxirgi toʻrt yilda taʼlim sifatini yaxshilash, oʻqituvchilar mavqeini yuksaltirish boʻyicha koʻp ishlar qilindi. Endi mamlakatimiz yangi davrga qadam qoʻymoqda. Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida toʻrtinchi ustuvor yoʻnalish aynan taʼlim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan.

Davlatimiz rahbari bu hayot-mamot masalasi ekanini taʼkidladi.

– Bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yoʻq. Maktab taʼlimida poydevorni bugundan mustahkam qoʻyishimiz kerak. Bunga barcha eʼtiborimiz va resurslarimizni safarbar qilamiz. Qiyin yoʻlni tanlayapmiz, lekin shu yoʻl muammolarni yechadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Maktablarni yaxshilash faqat Xalq taʼlimi vazirligining emas, balki barcha vazirlik va idoralar, hokimliklar, ilmiy tashkilotlar, ziyolilar, keng jamoatchilikning vazifasi boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

Xususan, mamlakatimiz boʻyicha 10 ming 130 ta maktabni isloh qilish zarur. Bu 6 milliondan ziyod oʻquvchilar, 500 mingdan ortiq muallimlar, umuman, jamiyatimizning barcha qatlamlari, har bir oilaning kelajagiga daxldor.

Yigʻilishda, avvalo, sohadagi muammo va dolzarb masalalar koʻrsatib oʻtildi.

Bugungi kunda 1 ming 695 ta maktab mukammal taʼmirga muhtoj. Afsuski, hanuzgacha 179 ta paxsadan qurilgan maktab bor. 3 mingdan ziyod maktab uchun qoʻshimcha oʻquv binolari zarur. 2 mingdan ortiq maktabda sport zal yoʻq.

Bundan tashqari, yangi massivlar barpo etilishi, qishloq infratuzilmasi kengayishi va aholi oʻsishi hisobiga yana 270 ta maktab qurishga ehtiyoj bor.

Shu paytgacha foydalanib kelinayotgan taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari faqat nazariy bilim berishga yoʻnaltirilgan boʻlib, bolalarni mantiqiy fikrlashga, amaliyotga, hayotga oʻrgatmayapti.

Maktablarda ishlayotgan 504 ming pedagogdan 60 ming nafari oʻrta maxsus maʼlumotli, 190 ming nafarida esa umuman malaka toifasi yoʻq. Koʻp pedagoglarning bilimi va mahorati yetarli emas. Oʻqituvchi sifatli dars oʻtishga emas, “koʻproq soat olish”ga intiladi.

Tizimda hanuzgacha 200 dan ortiq hisobotlar mavjud, oʻqitish, tadbirlar oʻtkazish kabi jarayonlar haddan tashqari qolipga solingan. Maktab kutubxonalaridagi kitob fondi yillar davomida yangilanmagan. Atigi 615 ta maktabda milliy musiqa anjomlari mavjud.

Maktablarni baholash, ularni attestatsiya va akkreditatsiyadan oʻtkazish nomiga boʻlib, taʼlim-tarbiya muhitini yaxshilashga xizmat qilmaydi.

Bu kabi kamchiliklar xalq taʼlimi tizimida barcha yondashuvlarimizni tubdan qayta koʻrib chiqish, ularni mutlaqo takomillashtirishni talab qiladi. Shu bois, maktablarning ham ichki, ham tashqi qiyofasini yangilash, taʼlim sifatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha katta islohotlar boshlanishi aytildi.

– Umuman, oʻqitish metodikasi, darsliklari, partadan tortib, binosigacha toʻliq qayta koʻrib chiqamiz. Taʼlimga, muallimga sharoit yaratmasak, jamiyat oʻzgarmaydi. Tuman, viloyat va respublika darajasida Maktab taʼlimini isloh qilish kengashlari tuziladi. Respublika kengashiga shaxsan oʻzim rahbarlik qilaman. Tuman va viloyat kengashlariga esa hokimlar bosh boʻladi, – dedi Prezident.

Bu kengashlar sohaga oid ishlarni xalq bilan kengashib, oʻqituvchilar, ota-onalar va mutaxassislarning fikrlari asosida tashkil qiladi.

Yigʻilishda maktab taʼlimini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Kelgusi besh yilda 1 million 200 ming oʻquvchi oʻrni tashkil etish zarur. Davlatimiz rahbari yangi maktablar va mavjudlarida qoʻshimcha binolar qurish orqali quvvatlarni oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Endi bu ishlar bilan viloyat, shahar va tuman hokimlari shugʻullanishi taʼkidlandi. Davlat tomonidan ajratiladigan mablagʻdan tashqari mahalliy byudjet tushumlarining ham bir qismi maktablarga yoʻnaltiriladi. Eng muhimi, yangi maktablar mahalla faollari, ota-onalar va jamoatchilik nazorati ostida quriladi va foydalanishga qabul qilinadi.

Qurilish vazirligiga yangi talablardan kelib chiqib, “namunaviy maktab” loyihalarini ishlab chiqish topshirildi.

Sharoitdan keyingi ikkinchi muhim masala bu – maktablardagi muhit. Davlatimiz rahbari buning uchun boshqaruvni isloh qilish zarurligini taʼkidlab, xalq taʼlimi boʻlimi mudirligi va maktab direktorligiga malakali menejerlarni tayinlash, xorijdan mutaxassislar jalb qilish boʻyicha tavsiyalar berdi.

Xalq taʼlimi vazirligiga ushbu mutaxassislarga aniq natijaga asoslangan talab va mezonlarni ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Yuqori malakali, izlanuvchan, oʻzining “mahorat maktabi”ga ega muallimlarni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha choralar belgilandi. Unga koʻra, Xalq taʼlimi vazirining jamgʻarmasi tashkil etiladi
va unga dastlab byudjetdan 300 milliard soʻm ajratiladi. Jamgʻarma mablagʻlari ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etayotgan, oʻquvchilari yuqori natijalarga erishgan muallimlarga ham beriladi.

Yana bir tashabbusga koʻra, har bir viloyatda pedagogika institutlari, universitetlar, akademik litsey va ixtisoslashgan maktablar oʻqituvchilaridan iborat “mobil metodik guruhlar” tashkil qilanadi. Ular taʼlim sifati past boʻlgan maktablarga borib, pedagoglarga yangicha oʻqitish uslublarini tushuntiradi va koʻmaklashadi. Buning uchun ularga alohida oylik ustamalari beriladi.

Pedagog kadrlarni tayyorlash tizimi ham tubdan takomillashtiriladi. Buning uchun Toshkent shahridagi 5 ta hamda hududlardagi 17 ta oliy taʼlim muassasalari doimiy tarzda maktablarga biriktiriladi. Talabalar 1-kursdanoq maktablar bilan bogʻliq tarzda oʻqiydi. Bu orqali ham talabaning, ham maktab oʻqituvchisining, ham oliygoh muallimining kasbiy mahorati oshadi.

Maktablarda oʻquv yuklamasi va darslar sonini qayta koʻrib chiqish, bolalarni fikrlashga chorlaydigan metodikalarni joriy qilish, darsliklarni ilgʻor tajribalar asosida toʻliq yangilash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Oʻquvchilarining boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport va sanʼat toʻgaraklarini faollashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari maktab taʼlimi sohasidagi islohotlar juda muhim ekanini taʼkidlab, mutasaddilarga xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda strategiya ishlab chiqish vazifasini qoʻydi. Shu asosda, Maktab taʼlimini rivojlantirish dasturi qabul qilinishi belgilandi.

Yigʻilishda vazirlar va hokimlar, yurtimizning barcha hududlaridan muallimlar va maktab direktorlari oʻz takliflarini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер