Maktab darsliklarini kim(lar) chop etmoqda?

16:47 04 Sentyabr 2022 Jamiyat
711 0

Foto: Arxiv surat

Maktab darsliklarining ijara narxi bir necha baravargacha oshishi jamoatchilikning diqqat eʼtiboridagi asosiy masalaga aylandi.

Davletovuzʼning yozishicha, 2022-yilning 1-yanvaridan Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan darsliklar chop etishga eʼlon qilingan tenderlarda “Kolorpak” MCHJ 260 mlrd soʻmdan ortiq buyurtmani yutgan. “OʼZBEKISTON NASHRIYOT MATBAA IJODIY UYI” esa (100% davlatniki), hisob-kitoblarga koʻra, 110 mlrd soʻmdan ortiq davlat buyurtmasini olgan. Gʻafur Gʻulom nashriyoti (toʻliq davlatniki) esa taxminan 26 mlrd soʻm atrofida buyurtma olgan. “Yangiyul Poligraph Service” MCHJ esa taxminan 47 mlrd soʻmlik buyurtma olgan.

“Kolorpak” MCHJ haqida. Mazkur MCHJning 26,6 foiz ulushiga “TELERADIOKOMPANIYA ZOʼR” MCHJ, 36,7 foiz ulushiga Axmedov Shuxrat Yakubjanovich va qolgan 36,7 foiz ulushiga Israilov Ismail Irkinovich (u ilgari “Akfa Engineering and Management” direktori va direktor oʻrinbosari boʻlib ishlagan) egalik qiladi.

Kompaniya 2021-yilda “Oʻqituvchi” nashriyotini 22,3 mlrd soʻmga xususiylashtirib olgan. Shuningdek, “UNICON.UZ” DUKning Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 17-mavze, Yangi shahar koʻchasi, 1a-uy manzilidagi poligrafiya sexi binosi tegishli hududi bilan birgalikda “nol” xarid qiymatida “Kolorpak” MCHJga berib yuborilgan.

“Yangiyul Poligraph Service” MCHJ esa, yuridik shaxslar reyestriga koʻra, 49,3 foiz ulushi  Djurayeva  Zuxra  Zelimxanovnaga, yana 49 foizi Xudaykulov Rustam Suleymanovichga tegishli.

Darsliklar konstitutsiya va davlat kafolatlagan bepul maktab taʼlimining uzviy va ajralmas qismidir. Maktab darsliklari bepul boʻlishi lozim.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?