Maktab bitiruvchi kasb egasi boʻlsa...

Foto: Xalq so‘zi
Navoiy viloyati Karmana tumanidagi 15- umumtaʼlim maktabining 11- sinf oʻquvchisi Nizomiddin Isayev asli Surxondaryo viloyatining Shoʻrchi tumanidan. Taʼtilda Karmananing Ziyokor mahallasida yashovchi ammasinikiga mehmonga kelib, shu atrofdagi zargarning hunariga qiziqib qolgan. Xorijda mehnat qilayotgan otasi bilan maslahatlashib, darsdan boʻsh vaqtlarida zargarga shogird tushishiga rozilik olgan. Shu taxlit, mana olti oydirki, u mahalladagi maktabda oʻqish bilan birga qadim shaharning oldi hunarmandi Mehriddin zargardan sanʼat darajasidagi hunarning sir-sinoatini oʻrganmoqda.
— Maktabimizni joriy yil Mehriddin qatori 55 nafar oʻgʻil-qiz bitiradi, — deydi 15- umumtaʼlim maktabi direktori Yulduz Oʻroqova. — Shularning 23 nafari usta-hunarmandlarga shogird tushish orqali yoki oilasida ota-onasining yordamida turli hunarlarni oʻrganmoqda. Ochigʻi, taniqli ustalarga shogird tushgan yigitlarimiz pul toʻlab, duradgorlik, avtotexxizmat ustachiligi, maishiy texnikalarni taʼmirlash kabi kasblarni, qizlarimiz esa qandolatchilik, bichish-tikish, pazandalik va keyinchalik ham roʻzgʻor, ham oilaviy biznesda qoʻl keladigan hunarlarning egasi boʻlishmoqda. Shu jihatdan olsak, mamlakatimiz Prezidentining oʻquvchi-yoshlarga umumtaʼlim maktablarida tuman va mahallalarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib 64 ta kasb-hunarni oʻrgatishni yoʻlga qoʻyish tashabbusi har bir ota-onaning orzu-niyati roʻyobi yoʻlida muhim qadam boʻldi.
Karmananing Ziyokor mahallasida qadim-qadimdan hunarmandlar istiqomat qilishgan. Aytaylik, bugun 15- umumtaʼlim maktabining 11-sinfida oʻqiyotgan Otabek Kenjayevning ota-bobolari temirchi oʻtishgan. Zamon talabidan kelib chiqib, otasi Tolib Kenjayev temirchilik bilan birga duradgorlik va mebelsozlikni ham oʻzlashtirdi. Bugun farzandi Otabekni yoniga olgan.
— Qoʻli ancha kelib qoldi, — deydi T. Kenjayev. — Uch-toʻrt yildan buyon yonimda, buyurtma olib, roʻzgʻorimizga birga daromad olib kiramiz.
Davlatimiz rahbari umumtaʼlim maktablari bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga biror-bir kasbni egallamasdan kirib kelayotganligini, ularga kasb oʻrgatilsa, bu bir qator ijtimoiy muammolarga yechim boʻlishini taʼkidladi. Aslida bu uzoq yillar mutasaddilar bilib-bilmaslikka olib kelgan muammo.
— Kollejni tugallaganman, — deydi yana bir bitiruvchi — Azizaning onasi Dilfuza Qayumova. — Keyin kursga qatnab mana shu qandolatchilik kasbini oʻrgandim. Avvaliga katta qizim shogird edi (hozirda oila qurgan). Bugungi kunda Aziza bilan uyda buyurtma olib, oilamizga qoʻshimcha daromad keltiramiz. Gap daromadida ham emas. Qiz bola ota uyida biror kasb-hunarni oʻrgansa, keyinchalik hayotda hech ham qiynalmaydi.
Maktabning yana bir bitiruvchisi Sevinch Parmonova tikuvchi onasiga shogird. Ikki dugonasi ham Nafisa Parmonovadan tikuvchilik kasbini oʻrganmoqda. Xullas, birgina mahallada bunday misollarni oʻnlab keltirish mumkin. Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi asosida umumtaʼlim maktablarida kasb oʻrgatishning yoʻlga qoʻyilishi ota-onalar orzusini roʻyobga chiqarish bilan birga, bitiruvchilar dilida maktab partasidayoq ertangi kunga ishonchlarini mustahkamlashi tayin.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
- Toshkentda kriket boʻyicha trenerlar tayyorlashning ikkinchi bosqich oʻquv-seminari oʻtkazilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring