Makron, Shols va Tusk 15-mart kuni Berlinda Ukraina boʻyicha uchrashuv oʻtkazadi

13:42 13 Mart 2024 Dunyo
284 0

Illyustrativ foto

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Polsha bosh vaziri Donald Tusk 15-mart kuni Berlinda Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashib, Ukrainadagi vaziyatni muhokama qiladi. Bu haqda “Politico” gazetasi oʻz manbalarga tayanib xabar berdi.

Nashr qayd etishicha, kunning ikkinchi yarmida fransuz va nemis siyosatchilari ikki tomonlama uchrashuv oʻtkazadi, soʻngra ularga Polsha bosh vaziri ham qoʻshiladi. “Politico” bu “Veymar uchburchagi”ning 2023-yil dekabrida Tusk hukumat rahbari lavozimini egallaganidan beri birinchi uchrashuvi boʻlishini bildiradi.

Uchrashuvdan koʻzlangan maqsad OAVda kelishmovchiliklar kuchayayotgani haqidagi xabarlar fonida Ukraina muammosi ustida ishlashda yetakchilarning birligini namoyish etishdan iborat. Hujjatlarni imzolash yoki aniq kelishuvlarni eʼlon qilish rejalashtirilmagan.

Shu yilning 1-mart kuni “Bloomberg” agentligi oʻz manbalarga tayanib, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Olaf Shols oʻzaro munosabatlarining boshidanoq bir-birlari bilan til topisha olmagani, Fransiya rahbarining fikricha, nemis hamkasbiga jasorat va ambitsiya yetishmayotgani yozgandi. Uning soʻzlariga koʻra, ikki yetakchi oʻrtasidagi kelishmovchiliklar Ukrainadagi mojaroning borishiga “taʼsir qilishi” mumkin.

Avvalroq, “Financial Times” gazetasi Fransiya va Germaniya oʻrtasidagi Kiyevga harbiy yordam boʻyicha kelishmovchiliklar tufayli yuzaga kelgan adovat Ukrainaga qurol yetkazib berishni moliyalash uchun Yevropa Ittifoqi jamgʻarmasini yaratishga toʻsqinlik qilayotganini taʼkidlagan edi. “Politico” gazetasi, oʻz navbatida, Makron va Shols oʻrtasida Ukrainaga harbiy yordam koʻrsatish masalasi boʻyicha kelishmovchiliklar ochiq mojaroga aylana boshlaganiga ishora qildi.

“Veymar uchburchagi” 1991-yil avgust oyida tashkil etilgan Germaniya, Fransiya va Polsha oʻrtasidagi uch tomonlama formatdir. Dastlab u Polshani Yevropa Ittifoqi va NATOga yaqinlashtirish vositasi sifatida ishlab chiqilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер