Maymun chechagi: JSST xavf ostidagi aholi qatlamiga emlanishni tavsiya etdi

09:37 29 Iyul 2022 Dunyo
381 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesusning soʻnggi bayonotiga koʻra, maymun chechagi virusi qayd etilgan mamlakatlar soni 78 taga yetdi. Kasallikni yuqtirgan bemorlar esa 18 ming nafardan oshdi.

Tasdiqlangan holatlarning 70 foizdan ortigʻi Yevropa davlatlari, 25 foizi esa Amerika qitʼasi hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Xastalik tufayli besh nafar bemor hayotdan koʻz yumgan.

Shu bois JSST oʻtgan hafta soʻngida maymun chechagi epidemiyasini favqulodda holat deb eʼlon qilgandi.

Endi esa tashkilot bemorlar bilan aloqada boʻlgan, shuningdek, infeksiyani yuqtirish xavfi yuqori aholi qatlamiga emlanishni tavsiya etmoqda. Ular orasida tibbiyot xodimlari ham bor!

Xususan, Yevropa Ittifoqi, Kanada va AQSHda “MVA-BN” vaksinasi amalda qoʻllash uchun tasdiqlandi. Shuningdek, “LC16» va “ACAM2000» vaksinalarining samaradorligini baholash jarayoni davom etmoqda.

“Maymun chechagiga qarshi emlash vositalarining qanchalik yuqori natija berishi, qolaversa, talab etiladigan dozalari haqida yetarlicha maʼlumotga ega emasmiz, — deydi T.Gebreyesus. — Ammo kasallik profilaktikasida hozircha eng toʻgʻri chora shu. Ayni sababdan bunga doir tadqiqotlar davom ettirilyapti.”

JSST rahbarining taʼkidlashicha, qoʻllanilgan vaksina infeksiyadan darhol himoya qilmaydi. Chunki tananing moslashish jarayoni bir necha haftaga choʻzilishi mumkin.

Shuningdek, maymun chechagini yuqtirgan bemorlar va virus tashuvchisi boʻlgan fuqarolar bilan aloqani cheklash lozim. Bu xastalik nafaqat erkaklar, balki bolalar, homilador ayollar va immuniteti zaif odamlar salomatligiga ham xavf soladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?