Maymun chechagi ogʻir nevrologik asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin — tadqiqot

11:17 12 Sentyabr 2022 Dunyo
663 0

Foto: Illustrativ foto

Maymun chechagi virusi qisqa muddatda dunyoning katta qismida tarqalib ulgurdi. Ayniqsa, Amerika, Yevropa va Afrika qitʼalarida kasallikdan aziyat chekayotganlar koʻp.

Hozir bu infeksiyaga xos asosiy belgilar koʻpchilikka maʼlum. Yaʼni xastalik toshma, isitma, charchoq, bosh, tomoq va mushaklar ogʻrigʻi, qusish, diareya kabi alomatlar bilan namoyon boʻlmoqda.

Ammo virus keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan ogʻir asoratlar xususida hali yetarlicha maʼlumotga ega emasmiz. Vaholanki, bu bemorlar hayotini uzaytirish va salomatligini tiklashda juda muhim.

Shundan kelib chiqib, Buyuk Britaniya olimlari maxsus tadqiqot oʻtkazdi. Unga mazkur kasallikka chalingan 1,5 ming nafardan ortiq kishi jalb qilindi.

Metaanaliz natijalari shuni koʻrsatdiki, maymun chechagi bemorlarda tutqanoq, xotira yoʻqolishi va ensefalit kabi tipik boʻlmagan miya asoratlarini keltirib chiqarishi mumkin.

Tadqiqot davomida ishtirokchilardan 2,7 foizi tutqanoq, 2,4 foizi xotira yoʻqolishi va 2 foizi ensefalitdan aziyat chekayotgani aniqlandi. Shuningdek, bemorlarning yarmidan koʻpi depressiyadan shikoyat qilgan.

Mutaxassislar fikricha, garchi maymun chechagining ogʻir nevrologik asoratlari kam kuzatilsada, biroq uning oqibatlari shifokorlarni jiddiy tashvishga soladi. Demak, mazkur yoʻnalishda qoʻshimcha tadqiqotlar olib borish zarur!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?