Maymun chechagi: AQSHda epidemiologik vaziyat murakkab

13:07 09 Avgust 2022 Dunyo
454 0

Foto: Arxiv surat

Shu kunlarda Amerika Qoʻshma Shtatlarida epidemiologik vaziyatni oʻnglash kun tartibidagi muhim masalaga aylangan. Bir tomonda koronavirusning yangi toʻlqini avjida. Kuniga 100 mingdan ziyod kishiga COVID-19 tashxisi qoʻyilyapti.

Boshqa tomondan esa maymun chechagi virusi shiddat bilan tarqalmoqda. May oyidan buyon 48 ta shtatda 7000 nafardan ortiq bemor roʻyxatga olindi. Shu bois AQSH hukumati ushbu epidemiyani favqulodda holat, deb eʼlon qildi.

Hozir eng katta bosim ixtisoslashgan klinikalarga tushmoqda. Bemorlar soni kundan kun ortyapti. Vaksinalar va maxsus testlar tanqisligi koʻzga tashlanmoqda.

Toʻgʻri, mamlakatda shu kungacha kasallik oqibatida oʻlim holatlari kuzatilgani yoʻq. Ammo baʼzi bemorlarda infeksiya ogʻir oʻtyapti. Badandagi toshmalar kuchli ogʻriqlarni keltirib chiqarayotgani tufayli statsionar muolajalarga talab oshib bormoqda.

— Xastalikni antibiotiklar qabul qilish bilangina tezda bartaraf etib boʻlmaydi, — deydi Chikagodagi “Howard Brown Health” klinikasi shifokori Anu Hazra. — Shu bois davolash jarayoni uzoq vaqt talab etadi. Oqibatda bemorlar bir necha hafta davomida ogʻriqlar bilan kurashishga majbur boʻlmoqda.

Mutaxassisning qayd etishicha, may oyidan beri Chikagoda kasallik alomatlari bilan murojaat qiluvchilar soni geometrik progressiya qonuniyati asosida koʻpaymoqda.

Oʻz navbatida, infeksiya tabiati birmuncha oʻzgargan. U endi nafaqat jismoniy muloqot, balki sochiq va choyshab kabi shaxsiy gigiyena vositalari orqali ham yuqishi mumkin.

Ayni sababdan mamlakatda kasallikka qarshi emlash kompaniyasi davom ettirilmoqda. Qolaversa, Buyuk Britaniya va Ispaniyada vaksinatsiya jarayonlariga katta eʼtibor qaratilyapti.

Maymun chechagiga chalinganlar soni 550 nafarga yaqinlashishi oqibatida Italiya hukumati ham infeksiya tarqalishini emlash orqali jilovlashga qaror qilgan. Bu yerda dastlab 200 kishi vaksinani qabul qiladi. Yana 600 doza preparat qoʻllash uchun tayyor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?