Mayizimiz kosmonavtlarning menyusiga kiritilgan, koinotda ham mashhur — uchqoraliklar

Foto: Xalq so‘zi
Uzumchilik mamlakatimizning togʻ oldi hududlarida asriy dehqonchilik madaniyati koʻzgusi va daromad manbai hisoblanib, Navoiy viloyatida ham oʻziga xos brendga aylangan. Xususan, viloyatning Uchqora, Tasmachi, Maydonsoy kabi qishloqlarida yetishtirilgan kishmish va mayiz yetti iqlimga mashhur.
“Mayizimiz kosmonavtlarning menyusiga kiritilgan, koinotda ham mashhur”, deb maqtanishadi uchqoraliklar. Bu qanchalik rost bilmadik. Bilganimiz, bozorlarda Uchqora mayizi xaridorgir. Uning dovrugʻidan olib sotarlar foydalanayotganligi ham bor gap.
Soʻnggi yillarda uzumchilik sohasini rivojlantirish, mahsulot yetishtirish hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Birgina 2022-yilda viloyatda 6,8 ming gektar maydonda yangi tokzorlar tashkil etilib, dastlabki xomchoʻt boʻyicha 90 ming tonnadan ziyod uzum mahsulotlari yetishtirilgan. Pishiqchilik boshlangandan soʻnggi ikki oyda 800 ming AQSH dollarlik uzum va mayiz mahsulotlari eksport qilindi. Viloyatning Qiziltepa, Karmana, Navbahor va Nurota tumanlarida ham uzumzorlar kengaymoqda. Xatirchi tumanida esa 300 ga yaqin fermer xoʻjaligi uzumchilik bilan shugʻullanadi.
— Tumanimizda 3 ming gektar maydonda uzum yetishtiriladi, — deydi Xatirchi tumani qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi Ziyovuddin Boboqulov. — Ushbu yilda 50 ming tonna hosil olishni rejalashtirib, olingan hosilning 90 foizini eksport qilishni moʻljallamoqdamiz.
Ishtaha dasturxon qoshida ochiladi, deyishadi. Xatirchiliklar joriy yilda 500 gektar lalmi yerlarda tomchilatib sugʻorishga ixtisoslashgan uzumzorlar tashkil etishdi. Dastur boʻyicha 2026-yilga borib uzumzorlar sathi 2,5 ming gektarga yetkaziladi.
Uzumchilikda oʻz maktabiga ega Xatirchi viloyatning shu yilgi uzum sayliga mezbonlik qildi. Viloyatning turli hududlaridan kelgan tajribali dehqon, fermer va shaxsiy tomorqa yer egalari oʻzlari yetishtirayotgan uzumning 30 ga yaqin turlarini namoyish etishdi.
Shuningdek, sayilda viloyatning barcha tumanlaridan tashrif buyurgan folklor etnografik ansambllari tomonidan milliy qoʻshiq, oʻlanu-laparlar namoyish etilib, tadbir chinakam bayram koʻrinishini oldi.
— Oʻzbekistonga birinchi kelishim, — deydi rossiyalik sayyoh Svetlana Grigoryuk. — Omadim bor ekan, shunday festivalning ustidan chiqdim. Uzumlarni qarang, biri-biridan shirin, taʼmi bir umr yodingizda qoladi. Ularni yetishtirgan xalqning mehmondoʻstligi, bagʻrikengligi mevalarga ham oʻtgan boʻlsa ajab emas.
Festivalda “Uzum sayli” bahonasida rasmlar, milliy liboslar va hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmalari ham tashkil etildi. Bir soʻz bilan aytganda uzum sayli, ona zamin saxovati, bobodehqon mehnati va milliy qadriyatlar namoyishi sifatida barchaning yodida qolishi shubhasiz.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 2024 yildan yangi uy sotib olganlarga QQSning yarmi qaytarib beriladi
- O‘zbekiston Prezidenti Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan muhim tashabbuslarni ilgari surdi
- Buxoroda Kushon davriga oid devor qoldiqlari topildi
- Qatar Davlati Amiri davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
- O‘zbekistonga Erondan issiq havo massalari kirib kelmoqda
- Kitoblar — tafakkur chashmasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring