Mahkumlarni saqlash holati ustidan nazorat olib borish jarayonlari toʻliq avtomatlashtiriladi

19:55 05 Aprel 2021 Jamiyat
475 0

“Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yana-da takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2021-yil 1-iyuldan shaxslarni profilaktik hisobga olishning elektron tizimi joriy etiladi.

“Xavfsiz taʼlim muassasasi” tamoyili asosida tuman, shahar ichki ishlar organlari tarkibida 2 000 ta shtat birliklaridan iborat voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixolog lavozimlari joriy etiladi hamda ular bevosita umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida xizmat oʻtaydi.

2021–2023-yillar davomida jazoni ijro etish tizimini raqamlashtirish orqali sohada inson omilini istisno etish va jazoni oʻtashning tartibotini taʼminlash maqsadida:

jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida qatʼiy intizom va qonuniylikni taʼminlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, shuningdek, mahkumlarni saqlash holati ustidan nazorat olib borish jarayonlari toʻliq avtomatlashtiriladi;

jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlar, shu jumladan ularning qarindoshlari tomonidan qonun bilan taqiqlanmagan buyumlarni erkin bozor mexanizmlariga asoslangan elektron doʻkonlar orqali sotib olish imkoniyati yaratiladi;

har bir mahkumning xulq-atvori va shaxsi haqidagi maʼlumotlar elektron bazasi yuritiladi va uning asosida mahkumlarni taqsimlash jarayoni toʻliq raqamlashtiriladi.

Shuningdek, 2021-yil yakuniga qadar quyidagilar yaratiladi:

ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlarining elektron maʼlumotlar bazalarini yagona platforma negizida birlashtirish asosida “E-ichki ishlar organlari” markazlashgan axborot tizimi;

Ichki ishlar vazirligining Maʼlumotlarni qayta ishlash yagona markazi.

Qaror bilan shuningdek, Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?