Mahkumlar koʻnglida ham yaratuvchanlik yashaydi
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Ozodlikdan mahrum etish mahkum uchun jazo — ayni chogʻda jamiyatning maʼlum muddatda uni tarbiyalash hamda toʻgʻri yoʻlga qaytarishdek ustuvor maqsadi yoʻlidagi vosita. Shu nuqtayi nazardan soʻnggi yillarda mahkumlarning tikanli sim ortidagi hayoti mazmunan boyitilib, barcha tadbirlar gʻoyaga qarshi gʻoya, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish tamoyillariga asoslanmoqda. Jazoni liberallashtirish hamda uni oʻtashning shaffoflashtirilishi ham shu kabi maqsadlar yoʻlidagi saʼy-harakatlar hosilasidir.
Modomiki, inson qusurlardan hali ham toʻliq xoli emaskan, uning botinida yaratuvchanlik xislatlarini uygʻotishda insoniy munosabatlar muhim ahamiyatga ega. Bunga urgutlik Mahmud Qarshiyevning gulday hunari va soʻnggi yillardagi hayoti yorqin misol. U tuman sudi hukmi bilan maʼlum muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Jazoni ijro etish muassasasida qoʻllar mehnatga, yaratuvchanlikka oʻrgandi. Fikrimizcha, koʻngil ham shunday.
— Otam usta duradgor, — deydi M. Qarshiyev. — Bolalikdan yogʻoch bilan ishlashda uquvga ega boʻlganman. Mana bu yerda shu hunarni puxta egallab, yogʻoch oʻymakorligida ancha-muncha qoʻlim kelib qoldi. Nasib etsa, ozodlikka chiqqach, shu hunar orqali oʻz hayotimni mutlaqo boshqacha davom ettirmoqchiman.

Tabiiyki, umr daftarini oppoq sahifadan boshlashdek istak har doim jamiyatning mahkumlarga munosabatiga bogʻliq. Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan yosh mahkumlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ularning biror-bir kasb boshini tutishiga koʻmaklashish, iqtidorlarini yuzaga chiqarish maqsadida “Yoshlar bilan 10 kun” loyihasi oʻtkazildi.
Loyiha doirasida Navoiy shahridagi 4-sonli jazoni ijro etish koloniyasida mahkumlar qoʻl mehnati bilan yaratilgan mahsulotlar koʻrgazmasi, milliy kurash, shaxmat-shashka, stol tennisi hamda armrestling sport musobaqalari, “Zukko kitobxon”, “Zakovat” intellektual oʻyinlari tashkil etilib, gʻoliblar taqdirlandi. Albatta, ular erishgan natijalar shaxsiy varaqasida ham qayd etilgan boʻlsa, ajab emas.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring