Mahalliylashtirish va hududlarda yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi bandligini taʼminlash borasidagi ishlar samaradorligi muhokama qilindi

12:22 05 Oktyabr 2022 Siyosat
467 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

2022-yil 5-oktyabr kuni Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda aholi bandligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlarni oʻrganish natijalari hamda iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohalarida mahalliylashtirish dasturlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Majlisda Senat tomonidan parlament nazorati doirasida hududlarda yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha ishlar doimiy ravishda oʻrganib borilayotgani qayd etildi.

Mamlakatimizda ishsiz fuqarolarning, ayniqsa, xotin-qizlar va mehnat bozoriga ilk bor kirib kelgan bitiruvchilarning bandligini taʼminlash va ularni tadbirkorlikka keng jalb etish, shuningdek, norasmiy bandlikni kamaytirish boʻyicha yangi taʼsirchan mexanizmlar joriy etildi.

Xususan, joriy yilning 1-noyabridan boshlab oʻzini oʻzi band qilishda faoliyat turlari yana 10 taga kengaytiriladi. 2023-yildan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq miqdori kamaytirilmoqda. Shaxsiy tomorqa yer uchastkasida 10 ga yaqin faoliyat turlari bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga ham kafolatlangan mehnat stajiga ega boʻlish imkoniyati berildi.

Shuningdek, majlisda Oʻzbekiston Respublikasida mahalliylashtirish dasturlari doirasida amalga oshirilgan ishlar ham koʻrib chiqildi.

Jumladan, 2022-yilning yanvar-iyun oylarida 1 849 ta loyiha boʻyicha 16,4 trln soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Shundan iqtisodiyot tarmoqlariga 693 ta loyiha boʻyicha 6,5 trln soʻm, hududlar hissasiga 1 156 ta loyiha boʻyicha 9,9 trln soʻm toʻgʻri keladi.

Elektrotexnika sohasida importni qisqartirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishini mahalliylashtirish maqsadida “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tomonidan 5 turdagi rentgen apparatlarining ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgan.

Shuningdek, sanoat kooperatsiyasi aloqalarini yanada kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish yuzasidan shu yil boshidan Jizzax, Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo, Namangan, Fargʻona, Andijon va Toshkent viloyatlarida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkalari oʻtkazilib, unda jami 1,5 trln soʻmlik 3 803 ta shartnoma hamda 143,6 mlrd soʻm boʻlgan 166 ta texnik jihatdan hamkorlik qilish memorandumi imzolangan.

Senatorlar asosiy eʼtiborni mahalliylashtirishni amalga oshirish orqali importni qisqartirish, yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarilishini kengaytirishda koʻrilayotgan choralar va ularning ijrosiga qaratdi.

Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

“Xalq soʻzi”,
Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?