Mahalliy rahbarlarning yolgʻon vaʼdalari qachongacha davom etadi? — senatorlar Doʻrmonda odamlarni qiynayotgan jiddiy muammolarni oʻrgandi

20:42 10 Sentyabr 2021 Jamiyat
640 0

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi oʻrtasidagi mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan muhtaram Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan Farmon va qarorlar, belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash hamda aholi turmush farovonligini yuksaltirish, hududlar ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash borasidagi amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganish uchun joriy yilning 6 — 9-sentyabr kunlari Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar — Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Qutbiddin Burxonov va Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova Toshkent viloyatida boʻlishdi. Viloyat Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasida senator M.Qodirxonova boshchiligida sayyor qabul oʻtkazilib, unda oʻnlab nafar fuqarolar murojaatlari koʻrib chiqildi. Senatorlarning Chinoz tumaniga tashrifi chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bir qator qarorlari ijrosi oʻrganildi. Jumladan, 2021-yil 9-avgustdagi “Yetim bolalar va ota-onalar qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora- tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Respublika qiz bolalar oʻquv-tarbiya muassasasini Chinoz tumanida joylashgan 2-sonli kasb-hunar maktabi binosiga koʻchirish jarayonidagi amaliy ishlar bilan tanishdilar.

Senatorlar 9-sentyabr kuni Qibray tumanidagi Doʻrmon qishlogʻi aholisi vakillari bilan uchrashdi. Oshkoralik ruhida oʻtgan yuzma-yuz muloqotda tegishli vazirlik va idoralar hamda viloyat hokimligining mutasaddi rahbarlari ishtirok etdi. Uchrashuvga tashrif buyurganlar, avval Toshkent shahar, Mirzo Ulugʻbek tumani, Oʻqituvchilar koʻchasida joylashgan turar-joylarda yashashgan. Binolarni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olinishi munosabati bilan ularga, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 4-sentyabrdagi 538-sonli qaroriga muvofiq, Qibray tumani Doʻrmon qishlogʻi hududidan 28,47 gektar yer maydoni ajratilib, yakka tartibdagi uy-joylar qurishga ruxsat berilgandi. Tuman hokimi va tegishli mutasaddi tashkilot rahbarlarining fuqarolar taqdiriga befarqligi, bu yerdagi tashkiliy ishlarning xoʻjasizligi tufayli oʻnlab xonadon egalari jiddiy muammolarga duch kela boshladi. Tuman hokimligi tomonidan odamlarning sarson sargardon qilinishi oddiy holga aylanib bordi. Doʻrmon qishlogʻiga yangi koʻchib kelgan kishilar gaz va elektr taʼminoti, ichimlik suvi, kanalizatsiya tarmoqlari borasida boshi berk koʻchaga kirib qoldilar. Fuqarolarning bu borada tuman hokimligi hamda tegishli tashkilotlarga qilgan murojaatlari esa har safar quruq va yolgʻon vaʼdalar bilan siylandi. Shu bois aholi vakillari ushbu muammolarni hal etish yuzasidan Oliy Majlis Senatiga murojaat qilishdi. Fuqarolarning mazkur murojaati Senat aʼzolari M.Qodirxonova, E.Gadoyev va T.Madumarovlar tomonidan oʻrganildi. Doʻrmon qishlogʻiga yangi koʻchib kelganlar koʻtarayotgan ijtimoiy masalalar dolzarbligi bois, Senatning 17-yalpi majlisida ham muhokama qilindi.

Senatorlarning ushbu murojaatni oʻrganishi jarayonida mulklarini baholatib, kompensatsiya pulini toʻlab berish boʻyicha murojaat qilgan 10 nafar fuqaroga Toshkent shahar hokimligi tomonidan 5,8 mlrd soʻm mablagʻ toʻliq toʻlab berilgani maʼlum boʻldi.

Xullas, Qibray tumani hokimining 2020-yil oktyabr va dekabr oylaridagi qator qarorlariga asosan, mazkur hududdan jami 101 ta yer uchastkasi fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurishi uchun ajratib berilgan. Hozirda ushbu yer uchastkalarining 79 tasiga nisbatan “Yer uchastka kadastr pasporti” shakllantirilgan. 22 ta yer uchastkasi egalarida esa kadastr pasporti yoʻq. Uchrashuvda qayd etilganidek, 20 ta yer uchastkasida fuqarolar tomonidan (8 tasida yakka tartibdagi uy-joylar) qurilish ishlari boshlangan.

Vazirlar Mahkamasining mazkur qaroriga koʻra, bu yerda qurilayotgan uy-joy manzili aholisining turmush farovonligini yaxshilash maqsadida elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvi taʼminoti muammolari hal etilishi lozim. 375 dona elektr toki uchun temir beton tayanchlari, 25 km past kuchlanishli tarmoq hamda 400 kvA yuqori kuchlanishdagi transformator punkti bunyod etish zarurati bor. Mutasaddilarning taʼkidlashicha, «Qibraytumangaz» taʼminoti balansidagi yuqori bosimli D-500 mm.li gaz quvuridan 2 km masofaga yangi tarmoq tortish lozim. Yangi qurilayotgan xonadonlarni toza ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun Qoramurt koʻchasidan oʻtgan “Qodiriya 4-suv havzasi”dan foydalanish uchun nasos stansiyasi qurish kerak boʻladi. Biroq, bu borada shu kungacha amalga oshirilayotgan ishlar aholini qoniqtirmayapti. Shu bois, joriy yilning 6 sentyabr kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Q.Burxonov hamda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi M.Qodirxonovalar hududga borib, holatni yana bir bor oʻrgandilar.

—Qoʻlimda qonuniy hujjatlarim boʻla turib, uy-joy qurish ishlarini boshlolmayapman, — deydi, Yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi Qibray tuman boʻlimi tomonidan Doʻrmon qishlogʻi, Nurafshon MFY, Ziynat koʻchasi, 3-prospekt, 9-uy manzili egasi sifatida qayd etilgan Maqsudbek Xurramov. — Chunki suv boshidan loyqalangan! Tuman hokimligi tomonidan qonuniy talablar oʻrganilmasdan qarorlar chiqarilgan. Hozirda menga ajratilgan 400,0 kv.metr yer uchastkasidan yuqori kuchlanishli elektr tarmogʻi oʻtgan. Bu esa, ushbu hududda uy-joy qurish mutlaqo mumkin emasligini bildiradi. Nahotki, tuman rahbarlari shu oddiy holatni tushunishmagan boʻlishsa?

Uchrashuvda soʻzga chiqqan fuqarolarning taʼkidlashicha bunyod etilayotgan mahallalarda bu kabi muammolar qalashib yotibdi. Ichimlik suvi, elektr enegiyasi, tabiiy gaz u yoqda tursin, yashash uchun oddiy sharoit mavjud emas. Sababi haligacha bu hududning Bosh rejasi tasdiqlanmagan.

—Hududdagi qurilish ishlari puxta oʻylanmay boshlangan, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Energitika vazirining oʻrinbosari Sherzod Xodjayev. — Haligacha Bosh rejasi ishlab chiqilmagan joyga qanday qilib, elektr tarmogʻi tortish mumkin. Masalan, vazirligimiz rahbariyati bilan na tuman va na viloyat hokimligi mutasaddilari bu borada biror bir kelishuvga erishgan. Eng avvalo, aholi xonadonlari qurilayotgan manzilning Bosh rejasi ishlab chiqilishi kerak edi-da! Xonadonlar soni, koʻchalar, mahallalar, maktab, shifoxona, kutubxona, MTM kabi ijtimoiy ahamiyatga molik muassasalarni qurish rejasi boʻlish kerak edi. Axir bu qishloqda bir emas, yuzlab nafar odamlar istiqomat qiladi-ku!.

—Doʻrmon qishlogʻidagi ushbu yangi aholi manzilini bunyod etish Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq boshlangan boʻlsada, haqiqatda shu kungacha qurilgan va qad rostlayotgan uy-joylarni elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvi bilan taʼminlash, kanalizatsiya tarmoqlarini qurish borasida mahalliy rahbarlar tomonidan biror bir ish qilinmagan, —deydi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Qutbiddin Burxonov. — Eng achinarlisi, yashab turgan xonadonlari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olingan fuqarolarning koʻpchiligi shu kungacha ijarada yashashmoqda. Ularning Toshkent shahri va viloyatining tegishli hokimlik idoralari va mutasaddi tashkilot rahbarlariga qilgan murojaatlariga sovuqqonlik bilan munosabat bildirilgan. Aytish mumkinki, ularning murojaati tezda oʻrganib chiqilib, hal etilishi oʻrniga, odamlarga yolgʻon vaʼdalar berishib, sarson sargardon qilishgan. Shu bois ham bu masala Oliy Majlis Senatiga kiritildi. Toshkent viloyatidan saylangan senatorlar, tegishli soha rahbarlaridan iborat nazorat guruhi tuzilib, aholi murojaati batafsil oʻrganildi. Odamlar shikoyat xatida keltirgan faktlar oʻz isbotini topdi. Bugungi uchrashuvda hattoki,bu hududning Bosh qurilish rejasi ham yoʻqligi maʼlum boʻldi.

Afsuski, senatorlar, tegishli vazirlik va tashkilotlar rahbarlari taʼkidlaganidek, bunday qonuniy hujjat hozircha hech qaysi mutasaddi tashkilot rahbari qoʻlida yoʻq! Shuning uchun ham, energetika, «Hududgaztaʼminot», «Oʻzsuvtaʼminot», uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, axborot texnologiyalari va kommunikatsiya, kapital qurilish, avtomobil yoʻllari kabi tegishli soha mutaxassislari bir qadam ham ilgari bosisholmayapti. Aholi esa muammolar tezroq yechim topishini kutmoqda.

Shodiyor MUTAHAROV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?