Mahalliy mahsulot sertifikati bor tadbirkorlarga davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi

17:27 05 Mart 2026 Siyosat
520 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida oʻtayotgan farmatsevtika sohasini rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida sohada eksport 220 million dollarga yetgani, biroq buning atigi 7 foizini dori vositalari tashkil qilayotgani qayd etildi.

Yurtimizdagi 58 ta dori korxonasining barchasi milliy GMP sertifikatini olgan. Endilikda qimmat bozorlarga kirib borish uchun korxonalarni YevroGMP talablariga ham moslashtirib borish zarurligi taʼkidlandi. 1-iyundan boshlab mahalliy ishlab chiqaruvchilarga YevroGMP sertifikatini olish xarajatining 50 foizi Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasidan qoplanishi belgilandi.

Farmatsevtika korxonalari davlat xaridlarida qatnashish bilan bogʻliq bir qator masalalarni koʻtargan. Masalan, 51 ta korxona oʻzi ishlab chiqargan 2 ming turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar boʻyicha mahalliy mahsulot sertifikatini olgan. Biroq mahalliylashtirish darajasi 30 foizga yetmagani uchun 16 ta ishlab chiqaruvchi 178 turdagi mahalliy dori va tibbiy buyumlarni davlat korxonalariga sota olmayapti.

Umuman, mazkur masalani nafaqat farmatsevtika, balki elektrotexnika, oziq-ovqat, toʻqimachilik kabi sohalardagi 811 ta korxona ham koʻtargan.

Shuning uchun 1-sentyabrgacha mahalliy mahsulot sertifikati bor tadbirkorlarga mahalliylashtirish darajasidan qatʼi nazar, davlat xaridlarida ishtirok etishga ruxsat beriladi. Mutasaddilarga ilgʻor xorijiy tajriba asosida mahalliy mahsulot boʻyicha mezonlarni toʻliq qayta koʻrib chiqish topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?