Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning yangi farmatsevtika mahsulotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish muddati cheklanmaydi

15:16 22 Yanvar 2022 Jamiyat
801 0

“2022–2026-yillarda respublikaning farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–55-son, 21.01.2022-y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, 2022-yil 1-apreldan farmatsevtika mahsulotlari xaridlariga ajratilishi rejalashtirilgan Davlat byudjeti mablagʻlari miqdori doirasida mahalliylashtiriladigan farmatsevtika mahsulotlarini 3 yil muddatga shartnoma tuzish orqali kafolatli xarid qilish mexanizmi joriy etiladi.

Bunda shartnomalarni tuzish boʻyicha tanlovlar avval respublika hududida ishlab chiqarilmagan, istiqbolda mahalliylashtiriladigan substansiyalar, dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomlari (bunday nom boʻlmagan taqdirda, mansub dori vositalari guruh nomlari), tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar roʻyxati doirasida amalga oshiriladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlarga tuzilayotgan kafolatli xarid qilish shartnomalar doirasida oldindan boʻnak toʻlovlarini oʻtkazishga ruxsat beriladi.

2022-yil 1-apreldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqariladigan yangi farmatsevtika mahsulotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish cheklanmagan muddatga amalga oshiriladi, avval berilgan roʻyxatdan oʻtkazilganlik guvohnomalar, ularning amal qilish muddati tugaganidan soʻng qoʻshimcha hujjatlar talab qilinmasdan 15 kun muddatda amal qilishi muddatsiz boʻlgan guvohnomalarga almashtirib beriladi.

Farmon bilan quyidagilar bekor qilinadi:

  • donor qonini toʻplash va uning asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni xususiy tartibda amalga oshirishga taqiq;
  • dori vositalarining klinik tadqiqotlarini sogʻlom koʻngillilarda oʻtkazishga cheklov;
  • tarkibi bir xil boʻlgan dori vositalarini bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqarishga cheklovlar.

Farmatsevtika tarmogʻi va respublika sogʻliqni saqlash tizimidagi tashkilotlarni zarur amaliyotlar (GxP) talablariga muvofiq majburiy sertifikatlash muddatlari 2024-yil 1-yanvargacha uzaytiriladi.

2022-yil 1-fevraldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda roʻyxatdan oʻtkazish xarajatlarining 75 foizi ular roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan soʻng Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasidan qoplab beriladi.

2023-yil 1-yanvardan farmatsevtika mahsulotlari boʻyicha davlat xarid tanlovlarida faqatgina “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)” standartlari asosida dori vositalarini, “ISO:13485” standartlari asosida tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarishni tashkil etgan tashkilotlar va “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” standartlarini joriy etgan ulgurji savdo tashkilotlari qatnashishiga ruxsat beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?