Mahallalar hayotidagi muhim jarayon oldidan

15:52 31 Mart 2022 Jamiyat
364 0

Foto: Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining ish rejasiga muvofiq shu kunlarda yuqori palatada doimiy asosda ishlovchi senatorlar hududlarda boʻlib, aholi hamda mahalliy Kengashlar deputatlari bilan uchrashuvlar oʻtkazmoqda. Uchrashuvlarda Oliy Majlis Senatining yigirma toʻrtinchi yalpi majlisida maʼqullangan qonunlar va koʻrib chiqilgan hujjatlar mazmun-mohiyati batafsil tushuntirilmoqda.

Shu bilan birga qonunlar ijrosi, joylarda islohotlarning borishi hamda erishilgan natijalar tahlil etilib, fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik jarayonlari, uni uyushqoqlik bilan ochiqlik tamoyillari asosida oʻtkazish boʻyicha amaliy yordamlar koʻrsatilmoqda.

Chunonchi, Navoiy shahrida ham ZOOM platformasi orqali ushbu ijtimoiy-siyosiy jarayonga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Q. Tursunov, Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi raisi Sh. Bafayev, Navoiy viloyat hokimi oʻrinbosarlari, kotibiyat mudirlari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlandiki, mahalla jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligini taʼminlovchi muhim boʻgʻin sifatida mamlakat taraqqiyoti, aholi farovonligi va tinchlik-osoyishtalikning garovidir. Shu bois fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) sayloviga yuksak masʼuliyat bilan yondashib, mamlakatimiz qonunchiligida belgilangan meʼyorlar asosida oʻtishini taʼminlash darkor.

Yigʻilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan hududlardan ishtirok etayotganlarning taklif-mulohazalari tinglanib, tashkiliy masalalar boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Temur ESHBOYEV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?