Mahallalar bayram ogʻushida

14:45 07 Dekabr 2023 Jamiyat
524 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Joriy yilda Xorazm viloyatining Xonqa tumanidagi Durgadik mahallasida “Obod xonadon”, “Obod koʻcha”, “Obod mahalla” mezonlari asosida keng koʻlamda qurilish va obodonlashtirish, aholi bandligini taʼminlash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida qator tadbirlar amalga oshirildi.

Ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha mahalla hududiga 5 ta yangi transformator oʻrnatilib elektr taʼminoti yaxshilandi, 16 km ichki yoʻllarga qum-shagʻal aralashmasi yotqizildi, 2,7 km uzunlikdagi yoʻl asfalt qilindi, 1 km uzunlikda piyodalar yurish yoʻlakchasi qurildi va 7 km masofaga yuqori tezlikdagi internet tarmogʻi tortildi. Hududdagi 8- maktabda 2 ta xorijiy til va 1 ta kasb — hunar oʻrgatish xonalari tashkil qilindi. Shuningdek, mahalladagi tibbiyot punktida 2318 nafar fuqaro tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

Mahallada Bosh Qonunimiz qabul qilinganligining 31 yilligiga bagʻishlab tashkil qilingan tadbir “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostidagi yurish marafoni bilan boshlanib, koʻchat ekish tadbirlariga ulanib ketdi. Bundan tashqari mahalla ahli uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari va boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalari, hamda tadbirkorlik qilish istagidagi fuqarolar uchun banklar tomonidan yangi loyihalar taqdimotlari oʻtkazildi.

— Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan ushbu loyiha doirasida obodlik har koʻcha, har xonadonga kirib bordi, —deydi mehnat faxriysi Kenjaboy Artiqov. — Mahallamizda bir qator yangi obyektlarning ochilishi Konstitutsiya bayrami shodiyonalariga ulanib ketdi.

Tadbir davomida “Eng obod xonadon”, “Eng obod koʻcha” nominatsiyalari gʻoliblariga viloyat hokimining tashakkurnomasi va qimmatbaho sovgʻalari topshirildi. Bunday tadbirlar Bogʻot tumanidagi Saxovat, Yangibozor tumanidagi Katli, Xiva tumanidagi Istiqlol mahallalarida ham boʻlib oʻtdi.

Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер