Namanganda yana 13 ta MFY idorasi o‘z binosiga ega bo‘ldi

Foto: Xalq so'zi
Bugunga kunda aholi muammolariga yechim topish, ularning og‘irini yengil qilish, hayotdan rozi bo‘lib yashashida mahalla fuqarolar yig‘inlarining ishtiroki ortib bormoqda. Ayni paytda Namangan viloyatida 791 ta o‘zini o‘zi boshqarish organlari tashkil qilingan bo‘lib, ularning faoliyat ko‘rsatishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotir. Buni viloyat, shahar va tuman hokimliklarining sa’y-harakati bilan 650 ta mahalla fuqarolar yig‘ini o‘z binosi, mebellar, kompyuter va boshqa zarur jixozlar bilan ta’minlangan xonalariga ega bo‘lganida ko‘rish mumkin.
Shu o‘rinda o‘z xizmat binosiga ega bo‘lmagan yig‘inlarning faoliyat yuritishlari uchun vaqtinchalik bino bilan ta’minlab berilgani, ularning 59 tasiga yangi bino qurilishi olib borilayotganini ta’kidlab o‘tish joiz. Umuman olganda, joriy yil yakuniga qadar yana 76 ta MFY idorasi uchun zamonaviy binolar barpo etish rejalashtirilgan.
Xalqimiz shodu-hurramlik bilan nishonlagan Navro‘z bayrami arafasida shahar va tumanlardagi 7 ta mahalla fuqarolar yig‘iniga qurilishi yakunlangan xizmat binolari tantanali ravishda topshirildi. Bu bilan joriy yilning o‘tgan davrida bitkazilgan idora binolari soni 13 taga yetdi.
Ulardan biri Uchqo‘rg‘on tuman “Dehqonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini binosi “Obod qishloq dasturi” asosida tiklandi. 600 million so‘m mablag‘ evaziga qurib bitkazilgan inshootda yig‘in raisi, mahalladagi hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektori uchun alohida-alohida xonalar mavjud bo‘lib, har biri zamonaviy moddiy-texnika vositalari va mebel jihozlari bilan ta’minlangan. To‘raqo‘rg‘on tumanidagi moslashtirilgan joyda ish olib borayotgan Dukat MFY ham o‘z binosiga ega bo‘ldi. Hududda istiqomat qiluvchi tadbirkor Fayzullo Yo‘ldoshevning davlat xususiy sherikchilik asosida qurib bergan binosi foydalanishga topshirilgan kuni “Mahalla” fondi bu yerga 15 million so‘mlik mebel va boshqa idora jihozlarini sovg‘a qildi.
-Vazirlar Mahkamasining "Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari majmualarini tashkil etish bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan manzilli dasturni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tayyorlangan xududiy dasturga 290 ta mahalla binosi qurilishi kiritilib, shundan 236 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida, 54 tasi mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan barpo etiladi, -deydi viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Ahmadjon A’loxo‘jayev. - Bugungi kunga qadar qaror talablaridan kelib chiqib 75 ta davlat-xususiy sheriklik asosida, 34 ta mahalliy byudjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan yangi binolar qurildi. Ularni jihozlash ishlariga “Mahalla” xayriya jamoat fondi yaqindan yordam bermoqda. Bundan tashqari har bir mahallaning o‘z sport maydonchasi va kutubxonasiga ega bo‘lishi yo‘lida ham amaliy ishlar olib borilayotir. Hususan, viloyatdagi 724 ta o‘z o‘zini boshqarish organlarida kutubxona tashkil qilish uchun 28960 ta kitoblar yetkazib berildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV
“Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi
- Chustda bogʻcha tarbiyalanuvchilari doridan zaharlanganmidi yoki... Vaziyatga aniqlik kiritilmoqda
- Hanjouda Osiyo o‘yinlariga start berildi. Ochilish marosimidan fotoreportaj
- Shavkat Mirziyoyev Italiya sobiq prezidenti vafoti munosabati bilan taʼziya yoʻlladi
- Astraxanda VIII Kaspiy mediaforumi boʻlib oʻtdi
- Hanjou-2022: Futbol boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi yarim finalda!
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring