Mahalladagi hokim yordamchisi: u qanday ishlayapti?

15:05 29 Noyabr 2022 Jamiyat
436 0

Foto: Xalq so‘zi

Mamlakatimizda jamiyatni demokratlashtirish borasidagi saʼy-harakatlar, avvalo, davlatning boshqaruvchilik funksiyasini bosqichma-bosqich yuqoridan quyiga tushirish, yaʼni mahalliy oʻzini-oʻzi boshqarish tizimi vakolatlarini kengaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarda oʻz samarasini koʻrsatmoqda. Chindan ham bugunga kelib mahalla tizimi joylarda infratuzilmani rivojlantirish, bandlikni taʼminlash, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratish, ijtimoiy soha ravnaqi bilan bogʻliq masalalar hal qilinadigan asosiy kuchga aylanmoqda.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mahalla fuqarolar yigʻinlarida tuman va shahar hokimlarining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha yordamchisi lavozimi tashkil etilib, bu vazifaga salohiyatli kadrlar tanlab olingani, aytish mumkinki, tizim faoliyatida keskin burilish davrini boshlab berdi.

Xususan, Namangan shahrida ushbu lavozimga nomzodlarni saralash masalasiga jiddiy eʼtibor qaratilgani, joriy yil avvalida mavjud 62 ta mahallada ish boshlagan hokim yordamchilarining harakatchanligi, aholi orasiga dadil kirib borib, muammolar yechimiga astoydil yelka tutayotgani eʼtirofga loyiq. Bu ularning bilimdonligi, hayotiy tajribasi, vaziyatni toʻgʻri baholab, munosib xulosa chiqara olishi bilan bogʻliq, desak toʻgʻri boʻladi. Bugun ushbu vazifada faoliyat yuritayotgan kadrlarning asosiy qismi avval iqtisodiyot, investitsiya, tadbirkorlik sohalarida mehnat qilgani ish yuritish jarayonida qoʻl kelmoqda. Zero, hokim yordamchilari zimmasiga yuklatilgan koʻp qirrali yumushlar yengil emas. Ularning uddasidan chiqish uchun mahalla hududi, xususan, oilalardagi ahvolni chuqur bilmasdan turib koʻzlangan natijaga erishish mushkul. Shundan kelib chiqib, barcha mahallalardagi xonadonlar qisqa vaqt oraligʻida xatlovdan oʻtkazildi. Natijalar atroflicha tahlil qilinib, amalga oshirilishi lozim boʻlgan eng ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Hoʻsh, ayni chogʻda joylardagi hokim yordamchilari qanday tashabbuslar bilan chiqyapti, natijalar qanday?

Oʻrganishlar chogʻida birgina Namangan shahridagi 50,1 ming xonadonning 6,2 mingtasida oila aʼzolarining qoʻshimcha daromad topishga xohishlari borligi aniqlangan. Shundan kelib chiqib, biznesni yoʻlga qoʻyish va bandlikning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha 371 ta loyiha ishlab chiqilgan boʻlib, hozirga qadar ularning 352 tasi amaliy tasdigʻini topdi va 1 ming 794 kishi doimiy ish oʻrniga ega boʻldi. Masalan, “Gʻuncha” MFY hokim yordamchisi Javohir Abduqahhorov tashabbusi bilan hududdagi 44- umumtaʼlim maktabining boʻsh turgan binosida “Bolajon Noza servis savdo” MCHJ tomonidan 75 oʻrinli xususiy bogʻchani tashkil etishga koʻmaklashildi va 10 ta ish oʻrni yaratildi. “Sharshara” MFYda esa hokim yordamchisi Oybek Fayzullayev tadbirkorning baliq yetishtirish va sotish xizmatini yoʻlga qoʻyishi uchun 150 million soʻm miqdorida imtiyozli kredit olishida bosh-qosh boʻldi. “Alpomish” mahallasi hokim yordamchisi Ulugʻbek Mirzaolimovning taklifi bilan poyabzal mahsulotlari tayyorlash sexi ishga tushirildi va oʻn nafar fuqaro doimiy daromad manbaiga ega boʻldi.

Doimiy ish oʻrniga ega boʻlmagan va kam daromadli oilalarni kambagʻallikdan chiqarish borasidagi ishlar hokim yordamchilarining ustuvor vazifalaridan biriga aylangan. Bunday xonadonlar bilan ishlashda birinchi navbatda mehnatga yaroqli fuqarolar bandligini taʼminlashga eʼtibor qaratilmoqda.

“Barkamol avlod” mahallasida yashovchi Z. Turgʻunov “Temir daftar” roʻyhatiga kiritilgan edi. Fuqaroga tikuv mashinasi olib berilganidan soʻng u tikuvchilik bilan shugʻullana boshladi, roʻzgʻoriga baraka kirdi. “Sharshara”lik I. Mamashoyev esa payvandlash apparati olib berilganidan soʻng hunari ortidan daromad topa boshladi.

Shu oʻrinda hokim yordamchilarining oʻz hududidagi muammolar, aytaylik, obodonlashtirish, infratuzilmani yaxshilash borasidagi muammolar yechimiga ham astoydil kirishganini taʼkidlash lozim. Chunonchi, joriy yilning oʻtgan oylarida Namangan shahridagi mahallalarda 4,5 kilometr uzunlikda ichimlik suvi tarmoqlarining taʼmirdan chiqarilishi, 8,1 kilometr yoʻlga asfalt yotqizilishi, 31 ta quvvat transformatori almashtirilishi va boshqa qator xayrli tadbirlar shu yoʻsinda izchil amalga oshirilgani koʻpchilikka maʼlum.

Quvonarlisi, bunday misollarni koʻplab keltirishimiz mumkin. Umuman olganda, mahallalardagi hokim yordamchisi lavozimiga nomzodlar tanlashda adashmagan ekanmiz, deya xotirjam tortamiz. Ularning mahalla hayotiga chuqur kirib borib, mavjud muammolar yechimi uchun astoydil jon kuydirayotgani bois shahrimizda ijobiy oʻzgarishlar koʻlami kengaymoqda, odamlarning turmush darajasi yaxshilanyapti, istiqbolli biznes loyihalar ijobatini topmoqda.

Hokim yordamchisi instituti tashkil etishdan asl muddao ham shu aslida.

Rustamjon ISOQOV, Namangan shahar hokimining birinchi oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?