Mahallada “Salomatlik maktabi”

18:10 15 Iyul 2022 Jamiyat
414 0

Foto: Xalq so‘zi

Qarshi shahridagi «Xontepa» mahalla fuqarolar yigʻini hududida tashkil etilgan “Salomatlik maktabi”da aholi oʻrtasidagi yurak qon-tomir va endokrin kasalliklarining oldini olish hamda toʻgʻri ovqatlanish orqali salomatlikni muhofaza qilish yuzasidan oʻquv-amaliy mashgʻulotlar olib borilmoqda.

— Salomatlik mashgʻulotlariga 2 ming nafarga yaqin mahallaning 18-20 yoshdan 65-70 yoshgacha boʻlgan fuqarolari qatnashmoqda, — deydi Oʻzbekiston “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondining Qashqadaryo viloyat hududiy muassasasi rahbari Qanoat Azizov. — Maʼlumki, muassasamiz 2021-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻi hisobidan mazkur mahallada aholi orasida sogʻlom turmushni qaror toptirish boʻyicha qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, “Eʼzozli ayollar” guruhi tashkil qilindi. Guruhga jalb qilingan ayollar bilan toʻgʻri ovqatlanish va jismoniy faollik asoslari, kun tartibini tashkillashtirish, keksalarda ovqatlanish meʼyorlari, shaxsiy va xonadon gigiyenasi qoidalari kabi mavzularda davra suhbati va seminarlar oʻtkazildi.

Grant loyihasi doirasida mahallada dushanba - Stressga qarshi kurash, seshanba - Tuz va shakarni cheklash, chorshanba - Tamakiga qarshi kurashish, payshanba - Sogʻlom ovqatlanish, juma - Piyoda yurish va shanba - Salomatlik kuni sifatida nomlanib, kun mavzusiga mos tarzda turli musobaqalar, gimnastika mashqlari, “Sogʻlom hayot uchun 5000 qadam” singari tadbirlar oʻtkazilyapti. Shuningdek, aholiga infarkt, insult, qandli diabet, gipertoniya kabi kasalliklarning oldini olish yuzasidan buklet hamda tarqatma materiallar taqdim etilmoqda.

 

Faxriddin BOZOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?