"Mahallabay" ishlashda “Fargʻona tajribasi” qanday samara bermoqda?!

21:48 29 Aprel 2021 Jamiyat
450 0

Prezidentimiz tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan va “Fargʻona tajribasi” sifatida eʼtirof etilayotgan «mahallabay» ishlash tizimi boʻyicha oʻtgan qisqa vaqt mobaynida aniq natijalarga erishildi. Xoʻsh, Fargʻonada ushbu tizim asosida ish yuritish qanday samara bermoqda?

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narboyeva Fargʻona viloyati aholisi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar bilan sektorlar kesimida «mahallabay» ishlash tizimi asosida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida dastlab Qoʻshtepa va Toshloq tumanlarida boʻldi.

Senat raisi Qoʻshtepa tumanining “Istiqbol” MFYda «mahallabay» oʻrganishlar jarayonida aniqlangan muammo va masalalar yuzasidan xotin-qizlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, moddiy va maʼnaviy koʻmak berish, bandligini taʼminlash, tomorqadan samarali foydalanish borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlar bilan tanishdi. Saodatxon Umarova, Matlubaxon Mirzayeva va Maʼmuraxon Turgʻunovalar xonadonida boʻlib, ushbu oila aʼzolari bilan samimiy suhbatlashdi.

Taʼkidlash joizki, “ayollar daftari” roʻyxatidan chiqarish uchun bu oilalarga mahalliy hokimlik tomonidan subsidiya ajratilib, issiqxonalar qurib berildi. Ayni paytda xonadon tomorqasidagi issiqxonalarda bulgʻor qalampiri, bodring, pomidor hosilga kirdi.

Oʻz navbatida mazkur oilalarga karantin davrida “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi orqali moddiy va maʼnaviy koʻmak koʻrsatildi. Uy-joylari taʼmirlab berildi.

— Ayol baxtli boʻlsa, oila, jamiyatimiz baxtli boʻladi, — dedi T. Norboyeva. — Yurtimizdagi har bir oila, inson, ayniqsa, xotin-qizlarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor va ragʻbat zamirida ham ana shunday ezgu maqsad mujassamdir. Bugun Prezidentimiz topshirigʻi bilan huzuringizga keldim. Aslida mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli hayotbaxsh islohotlardan koʻzlangan bosh maqsad ham shu — eng quyi boʻgʻin — mahallaga kelib odamlar bilan muloqot qilish, muammolarni oʻrganish orqali har bir insonni hayotdan rozi boʻlib yashashini taʼminlashga qaratilgan.

Oʻrganishlar davomida Munojatxon Boqiyeva 4 nafar farzandi bilan uy-joyga muhtoj, ehtiyojmand oila sifatida qayd etilgan edi. Tuman hokimligining qoʻllab-quvvatlashi tufayli foydalanilmay kelgan noturar joy binosi tadbirkor tomonidan qayta rekonstruksiya qilinib, oʻnlab muhtoj va koʻp bolali oilalarga ajratib berildi.

Senat raisi “ayollar daftari” roʻyxatida boʻlgan uch nafar opa-singillarimizga yangi uylarning kalitini tantanali ravishda taqdim etdi. Uchrashuvda bunday eʼtibordan mamnun qoʻshtepalik ayollar Tanzila Norboyevaga shukronalik dil izhorlari tushirilgan Tashakkurnoma topshirishdi.

Qoʻshtepa tumanidagi “Abdulhamid Abdurashid fayzi” MCHJ tasarrufidagi yoshlar kooperatsiyasida 24 nafar “yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlarga 30 sotixdan yer ajratib berilgan. Hozirgi kunda bu yerga ekilgan qovun-tarvuz parvarishi avjida. Senat raisi dalada yoshlar kooperatsiyasi aʼzolari bilan uchrashib, ularning orzu-maqsadlari bilan qiziqdi. Yurt istiqboli uchun maʼnan va jismonan barkamol avlodlar zoʻr qanot ekanligini taʼkidladi.

Ayni paytda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Toshloq tumanida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishmoqda.

Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?