Mahalla — islohotlarning dastlabki ijrochisi

22:00 04 Dekabr 2021 Jamiyat
823 0

Foto: Халқ сўзи

Davlatimizni tubdan rivojlantirish maqsadida tashkil qilingan besh tashabbusning ijrosini taʼminlash bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biridir. Keng jamoatchilikda tashabbuskorlikni shakllantirish, ularni ragʻbatlantirish ayni yoʻlda asosiy qadam boʻlmoqda.

Aytish mumkinki, bugungi kunda jamiyatimizning eng muhim instituti boʻlgan mahallalar har qanday islohotning dastlabki ijrochisi hisoblanadi. Aholini har tomonlama birlashtirish, madaniy aloqalarni mustahkamlash, yoshlarni barkamol qilib tarbiyalashda “qoʻlni qoʻlga berib” harakat qilish maqsadida mahallalar bilan birgalikda bir qator tadbirlar tashkillashtirilmoqda.

Jumladan, Oliy Majlis Senati tomonidan tashkil qilingan “Mahalla — besh tashabbus beshigi” koʻrik tanlovi ham respublikamizdagi mingdan ziyod mahalla aholisini qalban, maʼnan yaqinlashtirdi.

Mahallalarni kompleks rivojlantirishni, ragʻbatlantirishni maqsad qilgan mazkur tanlovda tuman va shaharlardan 1035 ta mahalla ishtirok etib, har bir hududdan jami 14 ta mahalla respublika bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.

“Turkiston” sanʼat saroyida 2021-yil 4-dekabr kuni mazkur tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbir davomida Oliy Majlis Senati raisi T. Narbayeva soʻzga chiqib, soʻnggi besh yil ichida mahallalardagi, aholi turmush tarzidagi oʻzgarishlar haqida soʻz yuritib, gʻoliblarni tabrikladi: — Hatto eng rivojlangan davlatlarda ham bizning mahallalarimizdek mukammal, kuchli institut mavjud emas. Mahallalarga qaratilayotgan eʼtibor natijasida aholi turmush tarzida katta ijobiy oʻzgarishlar sodir boʻlmoqda. Jumladan, kattalar va yoshlar oʻrtasida jinoyatchiliklar kamaydi, ajrimlar, oilaviy kelishmovchiliklarga ertaroq yechim topilib, yoshlar taʼlim-tarbiyasiga koʻproq eʼtibor qaratilyapti, joylardagi moddiy muammolarni olib chiqish masalalari yengillashdi. Bularning barchasi mahallalarni rivojlantirish — jamiyatimizni rivojlantirish ekanligini koʻrsatmoqda.

Tadbir davomida gʻoliblar uchun sanʼatkorlarning chiqishlari, turli koʻgilochar loyihalar tashkillashtirildi. Birinchi oʻrin gʻoliblari Prezident sovgʻasi — “Damas” avtomashinasi, IT oʻquv kurslari uchun 15 kishilik yoʻllanma, sertifikat bilan taqdirlandi. Boshqa ishtirokchilarga ham qimmatbaho sovgʻalar taqdim etildi.

Madina Gʻuzorova, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?