Maduro qoʻlga olinganidan keyin Tramp yana “unga Grenlandiya kerakligi” haqida gapira boshladi
Daniya va Fransiya qoʻshinlari Grenlandiyadagi mashqlar paytida. 2025-yil sentyabr
2026-yil boshida AQSH harbiylari Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qoʻlga olish operatsiyasini muvaffaqiyatli oʻtkazganidan soʻng, AQSH prezidenti Donald Tramp va uning ittifoqchilari yana Grenlandiyani nazorat ostiga olish zarurligi haqida gapira boshladi. Grenlandiya — Daniya qirolligi tarkibidagi avtonom hudud hisoblanadi.
Bu mavzu Trampning ikkinchi muddati boshida, bir yil avval ham eng koʻp muhokama qilingan masalalardan biri boʻlgan edi. Oʻshanda u Kanadani “AQSHning 51-shtati”ga aylantirish, Panama kanalini nazoratga olish haqida ham tahdidli bayonotlar bergan. Tramp Grenlandiyani sotib olish imkonini ham, uni kuch bilan egallab olish ehtimolini ham tilga olgan — bu kabi gaplar u birinchi prezidentlik muddatida ham yangragan edi. Koʻpchilik bunday bayonotlarni jiddiy qabul qilish kerakmi, degan savolni oʻrtaga qoʻygan.
2026-yil boshida mustaqil davlatga qarshi oʻtkazilgan kuch ishlatish amaliyoti Grenlandiya mavzusini yana jamoatchilik muhokamasiga qaytardi. 3-yanvar kuni Trampning birinchi maʼmuriyatida ishlagan sobiq xodima, AQSH prezidentining taʼsirli maslahatchisi Stiven Millerning rafiqasi Keti Miller ijtimoiy tarmoqlarda Grenlandiya xaritasini AQSH bayrogʻi ranglarida joylab, “Yaqinda” degan izoh qoldirdi. X (sobiq Twitter) statistikasiga koʻra, bu post 30 million martadan ortiq koʻrilgan.
4-yanvar kuni ertalab The Atlantic nashriga bergan intervyusida Tramp Grenlandiya AQSHga “shubhasiz kerak” ekanini tasdiqladi. Keyinchalik u oʻz samolyoti bortida jurnalistlar bilan suhbatda bu mavzuni yanada kengroq sharhladi:
“Hozir Grenlandiya toʻliq ravishda Rossiya va Xitoy kemalari bilan oʻrab olingan. Milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan bizga Grenlandiya kerak, Daniya esa bu vazifani uddalay olmaydi, ishoning. Bilasizmi, Daniya yaqinda Grenlandiya xavfsizligini kuchaytirish uchun nima qildi? Ular bitta itli chanani qoʻshdi. Bu rost! <…> Milliy xavfsizlik uchun bizga Grenlandiya kerak va Yevropaga ham u bizda boʻlishi kerak. Ular buni bilishadi”.
Tramp aytgan “itli chana” Daniya harbiy-dengiz flotiga qarashli elita boʻlinma — “Sirius”ga taalluqli. Bu boʻlinma XX asr oʻrtalaridan beri Grenlandiyaning shimoliy-sharqiy qismida oʻta qattiq iqlim sharoitida chanalar va itlar yordamida patrullik qiladi. Biroq u juda kichik: har yili bor-yoʻgʻi 12 nafar harbiy, oltita ikki kishilik guruhga boʻlinib, navbatga chiqadi.
Grenlandiya haqidagi savollarga javob berar ekan, Tramp avval gapdan qochib, hozir bu mavzuda gapirishni istamasligini aytdi. Ammo shu zahotiyoq qoʻshimcha qildi: yaqin kelajakda bu mavzuga qaytilishi mumkin. “Biz Grenlandiya haqida taxminan ikki oydan keyin oʻylaymiz. Yigirma kundan keyin gaplashamiz”, — dedi u.
Rafiqasining rezonansga sabab boʻlgan postidan soʻng Stiven Miller CNNga intervyu berib, Grenlandiya AQSHning bir qismi boʻlishi kerak, degan qarash maʼmuriyatning “rasmiy pozitsiyasi” ekanini taʼkidladi. U orolni kuch bilan egallash mavzusidan qochishga urinib, asosiy masala sifatida Daniyaning Grenlandiyaga boʻlgan daʼvolari qanchalik qonuniy ekanini koʻtardi.
“Grenlandiya AQSHning bir qismi boʻlishi kerak. Buni harbiy operatsiya nuqtayi nazaridan muhokama qilishning oʻzi shart emas. Hech kim Grenlandiya kelajagi uchun AQSH bilan urush qilmaydi”, — dedi Miller.
Trampning bayonotlari va Millerning tviti Grenlandiyada, Daniyada va Yevropaning boshqa mamlakatlarida keskin reaksiyaga sabab boʻldi. Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen orol AQSHning “avlodlar davomida yaqin va sodiq doʻsti” boʻlib kelganini, hatto ogʻir paytlarda ham Shimoliy Amerikaning xavfsizligi uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olganini taʼkidladi. Shu sababli AQSHning hozirgi ritorikasini u “mutlaqo qabul qilib boʻlmas” deb atadi.
“Doʻstlar oʻrtasida tahdidlar, bosim va anneksiya haqida gap boʻlmaydi. <…> Bas. Endi bosim yoʻq. Ishoralar yoʻq. Anneksiya haqidagi fantaziyalar ham yoʻq”, — deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlarda.
Keyinchalik matbuot anjumanida Nilsen Grenlandiyani “Venesuela bilan taqqoslab boʻlmasligini” taʼkidladi va fuqarolarni xotirjamlikka chaqirdi. U “bir kechada mamlakatni bosib olish” haqida gap ketmayapti, dedi: “Bu AQSH shunchaki kelib, Grenlandiyani zabt etadigan vaziyat emas”.
Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen esa Trampning Grenlandiyani nazoratga olish haqidagi gaplarini “afsuski, jiddiy qabul qilishga toʻgʻri keladi”, dedi. U ogohlantirishicha, agar AQSH NATO aʼzosi boʻlgan boshqa davlatga hujum qilsa, “barchasi tugaydi” — yaʼni Ikkinchi jahon urushidan keyingi xavfsizlik tizimi va NATOning oʻzi barbod boʻladi.
Yevropaning koʻplab siyosatchilari ham Grenlandiyani qoʻllab chiqdi. 5-yanvar kuni Litva va Estoniya tashqi ishlar vazirlari hamda Latviya prezidenti ijtimoiy tarmoqlarda Grenlandiya Daniya qirolligiga tegishli ekanini tasdiqlovchi bayonotlar berdi. 6-yanvar kuni esa Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya va Polsha rahbarlari Daniya bosh vaziri bilan birga “Grenlandiya boʻyicha qoʻshma bayonot”ni eʼlon qildi. Hujjatda Daniya NATO aʼzosi ekani, Arktika xavfsizligi alyans doirasida va BMT ustavidagi suverenitet hamda hududiy yaxlitlik tamoyillariga rioya qilingan holda taʼminlanishi kerakligi taʼkidlangan.
Bayonotda, shuningdek, AQSH va Daniya oʻrtasidagi 1951-yilgi Grenlandiyani qoʻshma mudofaa qilish toʻgʻrisidagi shartnoma ham eslatilgan. Hujjat “Grenlandiya oʻz xalqiniki” va “Grenlandiya va Daniya masalalarini faqat Grenlandiya va Daniya hal qiladi” degan soʻzlar bilan yakunlanadi.
Avvalroq ayrim tahlilchilar Yevropa yetakchilarining AQSH va Grenlandiya mavzusida ehtiyotkor soʻzlashini Ukraina xavfsizligi masalasi bilan bogʻlashgan edi — bu Yevropa Ittifoqi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Soʻnggi bir yil ichida AQSHning Grenlandiyaga nisbatan siyosati faqat bayonotlar bilan cheklanib qolmadi. 2025-yil may oyida The Wall Street Journal AQSH razvedkasi orolda axborot toʻplashni kuchaytirgani haqida yozdi. Asosiy eʼtibor Grenlandiya mustaqilligi harakatiga va amerikaliklar tomonidan tabiiy resurslarni oʻzlashtirishga munosabatni oʻrganishga qaratilgan. Shuningdek, AQSH maqsadlarini qoʻllab-quvvatlovchi shaxslarni aniqlash vazifasi qoʻyilgan.
Ommaviy darajada ham harakatlar bor. Oʻtgan bahorda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Grenlandiyaga tashrif buyurib, orolning Daniyadan mustaqil boʻlishini kutyapman, deb aytgan. Dekabrda esa Tramp biznesmen Tom Densni AQSHning Arktikani oʻrganish komissiyasi rahbari etib tayinladi. Daniya jurnalistlari uning missiyasini “grenlandiyaliklarni amerikalik qilish” deb atashgan; u, jumladan, Trampning Grenlandiyadagi eng mashhur tarafdori Yorgen Boassenni moliyaviy qoʻllab-quvvatlagan.
Bundan tashqari, Tramp Luiziana shtati gubernatori Djeff Lendrini Grenlandiyadagi “maxsus elchi” etib tayinladi. The Economist qayd etishicha, bu qadam AQSH orolni Daniyadan alohida hudud sifatida koʻrayotganini ramziy tarzda koʻrsatadi.
2025-yil davomida Daniya uch marta amerikalik diplomatlarni chaqirtirdi — jumladan, razvedka faoliyati kuchaygani haqidagi materiallar va “maxsus elchi” tayinlanganidan keyin. Yana bir holat AQSH va Oq uy bilan aloqador uch nafar amerikalikning grenland jamiyatiga “singib kirish”ga urinib, uning Daniya bilan aloqalarini zaiflashtirishga harakat qilgani haqidagi publikatsiya bilan bogʻliq edi. Ulardan biri Trampni qoʻllab-quvvatlovchi va qoʻllab-quvvatlamaydigan mahalliy aholi roʻyxatini tuzgan, qolganlari esa mahalliy siyosatchilar va biznes doiralari bilan aloqa oʻrnatgan.
2025-yil oxirida Daniya tashqi va harbiy razvedka xizmati oʻzining yillik hisobotida ilk bor AQSHni mamlakat xavfsizligi uchun ehtimoliy tahdid sifatida atadi. Daniya rasmiylari The Atlantic nashriga Grenlandiya qoʻshib olinishi mumkin boʻlgan ssenariyni shunday tasvirladi: bir kecha Tramp Truth Social tarmogʻida Grenlandiya endi AQSH protektorati ekanini eʼlon qiladi — Daniya va uning yevropalik ittifoqchilari esa bunga qarshi hech narsa qila olmay qoladi. Nashr taʼkidlashicha, avval bunday ssenariy kulgili tuyulgan boʻlsa, Maduro oʻgʻirlab ketilganidan keyin u unchalik gʻayrioddiy koʻrinmay qolgan.
Barak Obama davrida AQSHning Daniyadagi elchisi boʻlgan Rufus Gifford The Atlantic bilan suhbatda Grenlandiya maqomi Trampning Yevropa bilan Ukraina xavfsizligi boʻyicha muzokaralarida hatto “savdolashuv predmeti”ga aylanishi mumkinligini taxmin qildi.
2025-yil oktyabrida Daniya hukumati Arktikadagi mudofaa xarajatlarini yana 27,4 milliard kronaga (4 milliard dollardan ortiq) oshirishini eʼlon qildi. Reja yangi patrul kemalari, aviatsiya va dronlar xarid qilishni, Sharqiy Grenlandiyada radarlar joylashtirishni, Nuuk shahrida Qoʻshma arktik qoʻmondonlikning yangi shtab-kvartirasini qurishni, shuningdek, Grenlandiyada yangi harbiy boʻlinma hamda “Sirius” maxsus boʻlinmasi tarkibida chanalar oʻrniga qar uloqlari va motorli qayiqlardan foydalanadigan yangi arktik boʻlinma tashkil etishni oʻz ichiga oladi. Bu boʻlinma, chanali patrullardan farqli oʻlaroq, butun orol boʻylab harakat qila oladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring