“Mabodo gullarga aylanib qolsam...”

19:41 28 Noyabr 2022 Jamiyat
452 0

Foto: Xalq so‘zi

Oʻshanda ustoz jurnalist Toshpoʻlat Ahmedovning “Buxoro haqiqati” (hozirgi «Buxoronoma») gazetasi bosh muharriri sifatida ish boshlaganiga chamasi uch-toʻrt oy boʻlgan edi. Bir oqshom chirogʻi yoniq xonaga birrov kirib, “Navbatchimisiz?” deb soʻrab qoldi.

Yakshanba va dushanbani istisno etganda oʻsha kezlarda mahalliy gazetalar har kuni chop etilar, navbatchilarning tun yarmigacha, baʼzan tongga qadar tahririyatda qolib ketishlari odatiy hol edi.

— Ha, navbatchiman, — deya javob berdi toliqqani shundoq sezilib turgan yosh xodim.

— Navbatchilik tugagach, qayerga borasiz? Tunagani boshpanangiz bormi?

Bosh muharrir xodimning oilasi bilan uzoq bir qishloqda yashashini, viloyat markaziga har kuni oz emas, koʻp emas, 40 kilometr yoʻl bosib kelishini eshitgan edi. Shu bois savolining javobini kutmayoq davom etdi:

— Nasib etsa, shahardan uyli boʻlasiz, uka. Faqat dilbar narsalar yozishni kanda qilmasangiz, bas.

Bundan ishga ragʻbati oshgan yosh xodim, ustoz aytganidek, “dilbar narsalar”ni yozishga jiddiy kirishdi. Eʼtiborlisi, bu maqolalarning hali siyohi qurimay turib, bosh muharrirning koʻmagi, jonkuyarligi, boshqalarning oʻy – tashvishini oʻziniki kabi qabul qilgani tufayli uy masalasi hal boʻldi.

Bu Toshpoʻlat Ahmedovning yosh qalamkashlarga yelkasini tutib bergani, ulardan mehrini ayamaganiga oid birgina misol, xolos. Vaholanki, bu insonning koʻmagi, qoʻllab-quvvatlashi, oqilona maslahatlari tufayli hayotda adashmagan, ijodda oʻz oʻrnini topgan, yelkasiga oftob tekkan qalamkashlar juda koʻp.

Tabib tabib emas, boshidan oʻtgan tabib, deyishadi. Keyin maʼlum boʻldiki,Toshpoʻlat akaning oʻzi ham bir paytlar Shofirkondan “Buxoro haqiqati”ga ishga kelganida turar-joy masalasida juda qiynalgan, oilasi bilan ijarada yashagan.

— Muharririmiz Obloqul Egamov degan inson edi, — degan edi shu mavzuda soʻz ochilganida u kishi. — Andijonlik boʻlgan bu ijodkor juda xushchaqchaq, hazil-mutoyibaga oʻch, bir qarashdayoq yoshlar iqtidorini ilgʻay oladigan, bagʻrikeng rahbar sanalardi. Shu kishi 1966-yilda ona shahriga koʻchib ketayotgan pallada oʻzi yashagan uch xonali uyni nomimga tekinga rasmiylashtirib qoldirdi. Ammo ajab zamonlar ekan- da, oradan koʻp vaqt oʻtmay, “Bu uy obkomga tegishli, uni tezda boʻshat”, deya dagʻdagʻa qilishdi. Noiloj uydan chiqib ketdim. Salkam toʻrt yil ijara uylarda yashadim...

Sirasini aytganda, ustoz, murabbiy boʻlmoq ham sharaf, ham masʼuliyat. Mabodo, u rahbarlik vazifasida ishlasa, bu masʼuliyat oʻn chandon oshadi. Deylik, davralarda biror ijodkor haqida soʻz borarkan,“Ustoziga rahmat” deyishsa, unga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatgan, shogirdining hayotdan oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashgan insonning koʻksi togʻday koʻtariladi.

Toshpoʻlat aka koʻksi togʻday boʻlib yurgan ana shunday ustozlardan edi.

— Onajonimni juda yaxshi koʻrardim, — deb qoldi u kishi bir suhbatimizda. — Juda maʼsuma, sodda, bilimli, xokisor ayol edilar. Alla aytganlarida yuraklar sel boʻlib ketardi. Rus tilida ravon soʻzlashardilar. Chekka bir qishloqda yashab bu tilni qanday qilib oʻrgangan ekanlar, deb hayron qolardim. Shu haqdagi savolimga “Bolam, oʻqisang hamma narsaga erishasan”, deya xoʻrsingan koʻyi javob qaytarardilar. Keyin qoʻllarini duoga ochardilar.

Ona duosini olgan farzand hech qachon kam boʻlmaydi.Toshpoʻlat akaning shoir, publitsist, tarjimon, ustoz – murabbiy sifatida obroʻ – eʼtibor topgani, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi unvoni sohibi boʻlgani, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlangani zamirida aynan shu sinoat yotmaganmikan, deya oʻylanib qolasan kishi.

Aytmoqchi, T. Ahmedovning volidasi Qurbonoy ayaning bolaligi juda ogʻir kechgan. Ota-onasi, yaqinlari bilan birgalikda oʻtgan asrning oʻttizinchi yillarida Ozarbayjonning Togʻli Qorabogʻida surgunda yashagan. Otasi va amakilarining xoki yot oʻlkada qolib ketdi. Quloqlashtirish azob – uqubatlarini tortgan 7-8 yoshli Qurbonoy oʻsha yerda rus tilida savod chiqargan.

Yurtimiz istiqlolga erishganidan keyingina farzandlariga sulolaning shu ogʻir kechmishni soʻzlab berganini eshitib, onaizorning sabru qanoati, irodasi, bardoshiga tahsin aytging keladi.

Toshpoʻlat akaning mungli oʻtmishimiz, Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev, Choʻlpon kabi yurt fidoyilari haqidagi bitiklari ONA aytgan mahzun hikoyaning davomidek tuyuladi...

“Tabassum bogʻi”, “Gavhari jonim”, “Qutlugʻ ostona”, “Imon qalʼasi” kabi oʻnlab kitoblar muallifi boʻlgan T. Ahmedovning Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari, respublikamizda nomi tilga tushgan “Buxoro mavjlari” jurnalini tashkil etish tashabbuskori va shu nashr bosh muharriri sifatidagi faoliyati haqida ham koʻp va xoʻp soʻz yuritish mumkin.

...Toshpoʻlat akaning hovlisidagi shinamgina ijodxonaga tutash mehmonxonadan doʻstu birodarlar qadami uzilmaydi. Xususan, ustozning tavallud kuni arafasida uzoq–yaqindan kelgan olimu sanʼatkorlar, shoir yozuvchilar, shogirdlar Oysha yangamiz did bilan bezagan dasturxon atrofida shiringina suhbat qurishadi, diydorlashuv adabiyot, maʼnaviyat mavzucidagi kichik, biroq dilbar bir anjumanga aylanadi.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Toshpoʻlat Ahmedov (Toshpoʻlat Ahmad) tavalludining 80 yilligi Buxoroda keng nishonlanayotgan shu kunlarda bu anʼana davom etyapti. Ammo... Afsuski, xonadon sohibining oʻrni boʻsh turibdi. Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov taʼbiri bilan aytganda, ona shahrining toshlarini ham kuylata olgan ijodkor oramizda yoʻq. Lekin chinakam ijodkor oʻlmaydi. Buni Toshpoʻlat Ahmad oʻzining bir sheʼrida shunday ifodalagan edi:

Mabodo gullarga aylanib qolsam,

Fayz berib turayin xonadonlarga.

Quvonsin sevganlar meni koʻrgan dam,

Nur boʻlib taralay xiyobonlarga.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер