“LʼOpinion”: Oʻzbekiston Afgʻonistonni tinchlik yoʻlida qoʻllab-quvvatlamoqda

09:17 29 Sentyabr 2020 Siyosat
379 0

Fransiyaning nufuzli “LʼOpinion” gazetasida nashrning “Asian Affaires” rukni rahbari, Markaziy Osiyo va Afgʻoniston boʻyicha eksperti Klod Leblanning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining yalpi muhokamasida qilgan nutqiga bagʻishlangan maqolasi chop etildi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar qildi.

Quyida ushbu materialning oʻzbek tiliga baʼzi qisqartirishlar bilan tarjima qilingan matni havola qilinmoqda.

“Afgʻoniston hukumati va “Tolibon” harakati oʻrtasida 12-sentyabr kuni Doxada AQSH davlat kotibi Maykl Pompeo ishtirokida boshlangan muzokaralar Afgʻonistonning yaqin tarixidagi muhim burilish nuqtasi boʻldi. Taxminan 40 yildan buyon mamlakat doimiy urush holatida boʻlib kelmoqda.

Doxa muzokaralarining murakkabligi va deyarli yechib boʻlmaydigan toʻsiqlardan xabardor boʻlgan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-sentyabr BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida tinchlik harakatini muvofiqlashtirish va barqaror siyosiy kelishuvga koʻmaklashish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Afgʻoniston boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etishni taklif etdi.

Afgʻonistonning yaqin qoʻshnisi – Oʻzbekiston, ayniqsa, 2018-yilning mart oyida boʻlib oʻtgan Toshkent konferensiyasi chogʻida afgʻonlararo muloqotni rivojlantirishda muhim rol oʻynadi.

Mamlakat afgʻon xalqining rivojlanishi va hayotini yaxshilashga yordam berish uchun temir yoʻl, energetika va taʼlim sohalari infratuzilmasiga sarmoyalar kiritdi. Bu uzoq muddatli inqirozdan chiqishning asosiy shartidir.

“Afgʻonistondagi tinchlik va barqarorlik kafolati doimo BMTning diqqat markazida boʻlib qoladi”, deb bilgan Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston hukumati Afgʻonistonning barcha siyosiy partiyalari va harakatlari, shu jumladan toliblar bilan ham muzokaralar olib borganligini taʼkidlab oʻtdi. Uning maqsadi tinchlik jarayoni boʻyicha kelishuvga erishish mumkin boʻlgan “yangi format” taklif etishdir. “Biz Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi, deb hisoblaymiz” - dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish yoʻlida mintaqadagi boshqa davlatlar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan Oʻzbekiston Afgʻonistondagi beqarorlik omiliga barham berishni istaydi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?