Londonda YETTB bilan hamkorlikda “Yangi Oʻzbekiston — yangi imkoniyatlar, taraqqiyot yoʻlida ijtimoiy hamkorlik” mavzusida xalqaro anjuman oʻtkaziladi

18:48 19 Yanvar 2024 Siyosat
279 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston elchisi Ravshan Usmonov Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) bosh kotibi Kazuxiko Koguchi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

“Dunyo” AA xabariga koʻra, muloqot davomida Oʻzbekistonning YETTB bilan moliyaviy va sarmoyaviy hamkorligini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Soʻnggi yillarda hamkorlikda keng koʻlamli dastur va loyihalar amalga oshirilganligi qayd etildi. Shuningdek, tomonlar Oʻzbekiston va YETTB oʻrtasidagi munosabatlarga yangi dinamika berishga qaratilgan istiqboldagi vazifalarni muhokama qildilar.

Bosh kotib Kazuxiko Koguchi YETTB hozirgi kunda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholashi va har tomonlama qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

“Bankning Oʻzbekistondagi faoliyati davlat korxonalari va banklarini oʻzgartirish va xususiylashtirish, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, “yashil” rivojlanish, energetika va transport loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish hamda ayollar va yoshlar tadbirkorligi dasturlarini rivojlantirishga qaratilgan”, — dedi Koguchi.

Uchrashuvda, shuningdek, joriy yil 25-26-yanvar kunlari London shahrida YETTB bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston — yangi imkoniyatlar, taraqqiyot yoʻlida ijtimoiy hamkorlik” mavzusidagi xalqaro anjumanni yuqori darajada oʻtkazish masalalari xususida ham fikr almashildi.

Boʻlib oʻtgan muloqot yakunida tomonlar koʻrib chiqilgan yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha mavjud salohiyatni roʻyobga chiqarish maqsadida diplomatik aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.

Eslatib oʻtamiz, bugungi kunga qadar YETTB Oʻzbekiston boʻylab 146 ta loyihaga salkam 4,5 milliard yevro sarmoya kiritgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?