“Lolalar”dan tortib fond bozorigacha — tarixda yuz bergan jahon inqirozlari haqida bilasizmi?

20:45 07 Aprel 2021 Dunyo
736 0

Ayni damlarda koʻplab olimlar, ekspert va xalqaro tashkilotlarning nufuzli tahlilchilari tomonidan koronavirus pandemiyasi oqibatida jahonda navbatdagi iqtisodiy inqirozning yuzaga kelishi haqida koʻplab chiqishlar, maqolalar eʼlon qilinmoqda.

Shularni hisobga olib, muqaddam jahonda roʻy bergan global inqirozlar, ularning kelib chiqish sabablari boʻyicha yozilgan adabiyotlarni (manbalarni) oʻrgangan holda, ular toʻgʻrisida qisqacha maʼlumotlarni tayyorlash fikri tugʻildi. Va shu ilinjda jahon inqirozlari tarixini yozishga kirishildi. Yaratgandan qilayotgan ishlarimizning unumini tilagan holda, baholi-qudrat ularni bayon etishga harakat qilamiz.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha jahon iqtisodiy tizimiga taʼsir koʻrsatgan eng muhim inqirozlar quyidagilar boʻlgan:

1. 1634 — 1637-yillar. Gollandiyada sodir boʻlgan “Lolalar” inqirozi. Ozmi koʻpmi ushbu lolalar inqirozi bilan bogʻliq boʻlgan vaziyat bir qancha mamlakatlarga, xususan Yevropaga taʼsir koʻrsatgan.

Lolalarning kelajakda misli koʻrinmagan narxlarda oshib ketishi va bundan moʻmay foyda olinishi bashorat qilingan. Barcha mulkdorlar, aholining katta qismi oʻz mulklarini sotib boʻlsada, pullarini lolalar yetishtirishga sarflashgan. Oqibatda bunday boʻlmadi, nafis lolalarning narxlari ular kutgan darajada oshmadi, balki pasayib ketganligi oqibatida, qiyin kunlar boshlanib, moliyaviy inqirozni keltirib chiqargan...

2. 1720-yil. Fransiyada moliyaviy inqiroz. Ushbu inqiroz oʻsha paytdagi Fransiyaning Bosh moliya nazoratchisi Jon Loning xatti-harakati va qarori evaziga sodir boʻlgan. Fransiyaning katta miqdordagi qarzidan oson qutilish uchun inflyatsiyani (pul qadrsizlanishini) sunʼiy ravishda yuzaga keltirgan. Buning oqibatida moliyaviy inqiroz vujudga kelgan.

3. 1788 — 1792 yillar. Fransiyada iqtisodiy inqiroz. Oʻsha paytda sanoat korxonalarida ishlab chiqarish shunchalik darajada rivojlanib ketadiki, ishlab chiqarish hajmi aholining real isteʼmol hajmidan oshib ketadi. Qishloq xoʻjaligi tarmogʻida esa, bugʻdoy va boshqa oziq-ovqat neʼmatlarini ishlab chiqarish keskin qisqarib ketadi.

Manufaktura egalari oʻz faoliyatlarini oʻzgartirgan holda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashadilar va oqibatida koʻplab ishchilar ishdan boʻshatiladi. Davlat qarzi ushbu yillar davomida bir necha barobarga keskin oshib ketadi va natijada siyosiy tus olib, 1792-yilda Buyuk Fransiya revolyutsiyasi sodir boʻladi.

4. 1825-yil. Birinchi jahon moliyaviy inqirozi. 1825-yilda Angliyada boshlangan inqiroz tez surʼatlarda butun Yevropa va Lotin Amerikasini qamrab oladi.

Buning tarixi quyidagicha boʻlgan. 1820-yilning boshida yevropaliklar, asosan ingliz investorlari Lotin Amerikasiga oltin va kumush konlarini ochishga katta mablagʻlar tikadilar. Mahalliy aholi bunday holatga qarab turmasdan rostakamiga mustaqil boʻlish, oʻz boyligiga oʻzi hukmron boʻlish uchun kurash olib borib, natijada Lotin Amerikasida bir nechta mustaqil respublikalarning vujudga kelishiga sodir boʻladi. Konlarni moliyalashtirish, shuningdek, yangi mamlakatlarning davlat qarzlarini qoplashga yoʻnaltirilgan moliyaviy mablagʻlar oqibatida eksport bumi vujudga keladi. Lotin Amerikasidan koʻplab miqdorda oltin va kumushlar (rangli metallar) Yevropaga eksport qilina boshlanadi. Oltin tufayli sanoat ishlab chiqarish hajmi, temir yoʻllarning qurilishi, aksionerlik jamiyatlari va banklarning oʻsishiga olib keladi.

Sanoat ishlab chiqarish hajmining keskin koʻtarilishi, Lotin Amerikasidan kirib kelayotgan oltinlar narxining chayqovchilik nuqtayi nazaridan ataylab koʻtarilishi natijasida London fond birjasida «birja pufaklari» hosil boʻla boshlaydi va oqibatda asta-sekinlik bilan savdo disbalansi yuzaga keladi. Oltin va kumush bilan amalga oshirilgan ommaviy chayqovchilik hamda savdo disbalansi Angliya banki rezervlarining qisqarishiga olib keladi.

1825-yilda Angliya banki hisob stavkasini koʻtarishga majbur boʻladi. Fond bozorida vujudga kelgan inqiroz kurtaklari Buyuk Britaniya bank tizimiga raxna sola boshlaydi. Angliya banki oʻzining oltin valyuta rezervini saqlab qolish ilinjida bank tizimida sodir boʻlayotgan salbiy taʼsirlarga befarq qaragani va hech qanday chora koʻrmaganligi oqibatida ommaviy bankrotlar va iqtisodiy retsessiya vujudga keladi.

Ushbu jarayonlar bumeranglik kasb etgani holda Lotin Amerikasiga ham taʼsir koʻrsatadi. Kreditlarni uzaytirish va taqdim etish bilan bogʻliq muammolarning vujudga kelganligi natijasida konlarni ochish va rangli metallarni ishlab chiqarishga yoʻnaltirilayotgan investitsiyalar surʼati pasayib ketib, asta-sekin umuman toʻxtab qoladi.

Eksport hajmi toʻxtab qolganligi oqibatida davlat byudjeti daromadlari keskin qisqarib ketadi. Buning natijasida yangidan tashkil topgan Lotin Amerikasi davlatlarida defolt holati yuzaga keladi. Buning salbiy asoratlari natijasida, ushbu mamlakatlarga 30 yillar chamasi xorijiy investitsiyalarning kirib kelishi toʻxtab qoladi.

5. 1836-yil. Angliyada vujudga kelgan fond bozori inqirozi. Inqiroz 1836-1838-yillarni qamrab olgan boʻlib, Angliya-Amerika inqirozi deb ham yuritiladi. Aynan ushbu davlatlar inqirozdan eng koʻp aziyat chekkan. Keyinchalik qisman Fransiyaga ham taʼsir koʻrsatgan. Ushbu inqirozning vujudga kelishi dastlab Britaniya fond bozoridan boshlanadi. Angliya banki xalqaro oltin zaxirasining pasayib ketishi, paxta plantansiyalari bozorida vujudga kelgan bum oqibatida makkajoʻxori hosilining pasayishi va kapitalning Amerikaga oqib ketayotganligiga javoban foiz stavkalari hajmini koʻtaradi. Dekabr oyida fond bozori qulaydi, bank shov-shuvi Fransiya va AQSHga yoyilib paxta loyihasi uchun kreditlar hajmi keskin qisqarib ketadi.

Buning salbiy oqibatlari AQSH uchun qimmatga tushadi. Yangi Orleana shtatida paxta biznesi uchun ajratiladigan kreditlarning qisqarishi natijasida vujudga kelgan bank shov-shuvi korrespondentlik munosabatlari orqali tezda Nyu-Yorkka ham yetib keladi. Ommaviy shov-shuvlar (boshboshdoqlik) oqibatida milliy toʻlov tizimi izdan chiqadi. Buni toʻgʻrilash va oldingi holatiga keltirish uchun bir yilcha vaqt yoʻqotiladi.

Qoʻqon universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Sherzod ­MUSTAFOQULOV tayyorladi.

Davomi bor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?