"Lokomotiv"lar, "vagon"lar, relslarga “lom” tiqadiganlar — ular kimlar? Klasterlarning taraqqiyotdagi ahamiyati haqida batafsil suhbat

11:35 25 Fevral 2021 Klaster
2937 0

Oʻzbekistonda agrosanoat istiqboli iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichida shakllangan innovatsion tizim — klasterlar bilan bogʻlanmoqda. Davlatimiz rahbarining taʼbiri bilan aytganda, “Klaster va manfaatdorlik — Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligining kelajagi. Ilm-fan va innovatsiyalarni joriy etmay turib, bu sohani raqobatbardosh qilib boʻlmaydi”.

Biroq keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda ishlab chiqarishning klaster usuli haqida salbiy fikrlar ham aytilmoqda. Xoʻsh, bu gap-soʻzlar qanchalik asosli? Klaster usulining afzalliklari nimadayu, uni agrosanoat jabhasiga keng tatbiq qilishga qanday ehtiyoj sezildi?

Muxbirimiz shu kabi savollarga javob olish maqsadida Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, senator Murtazo RAHMATOVga murojaat qildi.

— Suhbatimizni koʻpchilikni qiziqtirgan savol bilan boshlasak. Ayting-chi, agrar sohani modernizatsiya va diversifikatsiya qilish jarayonida nima uchun aynan klaster usulidan foydalanilmoqda?

— Har qanday yangilik kun kelib eskirishi, oʻz ahamiyatini yoʻqotishi oddiy haqiqat. Xuddi shunday, ishlab chiqarish va mulkchilik bosh-qaruvida kecha yaxshi natija bergan usul bugungi kun talablariga mos kelmasligi tabiiy. Chunki zamon shiddat bilan oʻzgaryapti, oldimizga qoʻyilayotgan talab ham kechagidan farqli. Ana shunday sharoitda ishlab chiqarishga ilgʻor gʻoya va tashabbuslarni qoʻllamay turib, yuqori natijalarni qoʻlga kiritish mumkinmi?

Albatta, yoʻq. Ayniqsa, yer va suv resurslari cheklangan Oʻzbekiston sharoitida qishloq xoʻjaligiga innovatsion yondashilmasa, sohada yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarni bartaraf etib ham, yuqori mahsuldorlikka erishib ham boʻlmaydi.

Davlatimiz rahbari gʻoyasi asosida ish yuritishning klaster tizimiga oʻtilishidan koʻzlangan birinchi maqsad — yerdan samarali foydalanish. Qolaversa, qishloq xoʻjaligini sanoatlashtirish, chetga xom ashyo emas, qoʻshimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlar sotish, daromadni oshirish orqali dala mehnatkashlarining hayot darajasini koʻtarishdir. Zero, agrar jabhadagi natijalar birgina hosildorlik koʻrsatkichi bilan oʻlchanadigan davrlar oʻtib ketdi. Olinadigan daromad va sof foyda asosiy mezonga aylanishi kerak.

Bu bilan fermerlik yomon, demoqchi emasmiz. Ushbu harakat vaqtida oʻz samarasini koʻrsatdi. Lekin sohani sifat jihatidan rivojlantirish, qishloq aholisi bandligini taʼminlash, qoʻshimcha tarmoqlarni rivojlantirishda “qoʻli kalta”lik qildi. Hozirgi holatimizni xorij tajribasi bilan qiyoslasak, qanchalik ortda qolib ketayotganimiz koʻzga yaqqol tashlanadi. Maʼlumotlarga qaraganda, Niderlandiyada bir gektar yerdan 160 ming AQSH dollari miqdorida daromad olinmoqda. Yoki boʻlmasa, Vyetnamda bir tup gʻoʻza oʻsmaydi, bir kilogramm paxta yetishtirilmaydi, lekin 50 milliard dollarlik toʻqimachilik mahsulotlari eksport qilinadi. Bangladeshda ham xuddi shunday holat boʻlsada, toʻqimachilik korxonalari 35 milliard dollarlik eksportning uddasidan chiqadi. Yiliga 3 million tonnadan ziyod paxta yetishtirilib, 1 million tonnadan ortiq tola olinadigan Oʻzbekistonda-chi?

Afsuski, bir gektardan olinadigan daromad koʻpi bilan 2,5-3 ming dollardan oshmaydi, paxta-toʻqimachilik mahsulotlari eksporti 2 milliard dollarga ham yetmaydi. Statistika maʼlumotlariga qaraganda, 2020-yil yakunlari boʻyicha chet el bozorlariga 1 milliard 867 million dollarlik toʻqimachilik va tikuvchilik mahsulotlari chiqarilgan, xolos.

Shu oʻrinda “Nima uchun shunday?” degan savol tugʻiladi. Chunki agrar jabhada ishni tashkil qilish, ishlab chiqarish va boshqarish uslubimizda kamchilik bor. Uni bartaraf etish uchun tizimda yangi uslubga oʻtishimiz kerak. Bu — klaster!

Yana soʻrashingiz mumkin, “Klaster uslubiga oʻtkazilganda nima oʻzgaradi?” Chigit ekish, paxta yetishtirish, xom ashyoni birlamchi va chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulotlarni realizatsiya qilish — bularning bari bir qoʻlda boʻladi. Buning hisobiga qishloq xoʻjaligi sanoatlashadi. Natijada iqtisodiyotning ikki muhim sohasi boʻlgan qishloq xoʻjaligi va sanoat oʻzaro integratsiyalashib, qishloq xoʻjaligi mehnatkashlari bilan sanoat ishchilarining manfaatlari mushtaraklashadi.

Yuqori samaradorlikka erishish uchun bu oʻta muhim omil sanaladi. Nega deganda, qishloq xoʻjaligida sifatli paxta yetishtirilib, xom ashyo oʻz vaqtida va sifati yoʻqotilmasdan sanoat korxonasiga yetkazib berilsagina undan raqobatdosh mahsulot ishlab chiqariladi. Bundan esa dala mehnatchilari ham, korxona ishchilari ham birdek manfaat koʻradi. Axir, foyda bir qoʻlda jamlanadi-da!

“Klaster” soʻzining lugʻaviy maʼnosi “toʻplam” degani. Paxta-toʻqimachilik klasterlari esa qishloq xoʻjaligi va sanoatning barcha texnologik “zanjir”ini oʻzida birlashtirgan sanoat majmui hisoblanadi. Yaʼni ular paxta yetishtirish, tola va chigitni dastlabki qayta ishlash, kalava ip yigirish, boʻyash, mato toʻqish, tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarish — ushbu bosqichlarni amalga oshirish uchun ham iqtisodiy, ham texnikaviy jihatdan yuqori salohiyatga ega boʻlishi kerak. Oʻtgan qisqa davr ichida tashkil etilgan 510 ta klasterning aksariyati ushbu talabga javob beradi. Natijada ular qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish, diversifikatsiyalash, eng asosiysi, sanoatlashtirishda lokomotivga aylanmoqda.

Prezidentimiz yaqinda Namangan viloyatiga tashrifi davomida yana bir bor klasterning ahamiyati haqida toʻxtalib, shunday dedi: “Ilgari egilib paxta ekardik, egilib terardik, lekin boshqa davlatlarni boqardik. Oxirgi yillarda yaratilgan imkoniyatlar tufayli yangi korxonalar paydo boʻlyapti, tadbirkorlar emin-erkin rivojlanyapti, qayta ishlash darajasi oshyapti. Klasterlar tuzib, paxtani egali qilganimiz uchun uning sifati ham oʻzgaryapti. Paxta sifatli boʻlsa, tadbirkorga oson boʻladi, mahsuloti sifatli, raqobatbardosh boʻladi”.

— Klasterlar fermerlik harakati bilan taqqoslaganda qanday ustunlikka ega? Agrar sohadagi yangi usul haqida salbiy fikrlar paydo boʻlishiga nima sabab boʻlmoqda?

— Har qanday davlat aholisining taxminan 15 — 20 foizi jamiyatda oʻta faol va harakatchan boʻladiki, ularni lokomotivga qiyoslash mumkin. Qolgan asosiy qismi esa “vagon”lardir. Lokomotivlar oʻzining ilgʻor gʻoyalari, innovatsiyalari bilan “vagon”larni taraqqiyot manzillariga yetaklash yoʻllarini izlaydi. Afsuski, yana 15 foizlik bir qatlam ham borki, ular harakatlanib ketayotgan poyezd relslariga “lom” tiqib, uning yoʻliga toʻgʻanoq boʻladi, chalgʻitadi...

Yashirmaymiz, yangilik joriy qilingan joyda uncha-muncha kamchilik ham uchrashi tabiiy hol. Shu maʼnoda, klasterlar tizimida ham ayrim juzʼiy muammolar kuzatilayotgani bor gap. Ammo rivojlanish natijalarini tahlil qilmay, bir tomonlama fikr bildirish adolatdan emas. Chunki xalqimiz orasida “klaster” deb aytilayotgan ayrim paxta-toʻqimachilik tashkilotlarining ish yuritish shakli va usuli klaster mohiyatiga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. Haqiqiy klasterning gʻoyasi iqtisodiyotni qudratli, xalqimizni boy-badavlat qilishga qaratilgan.

Oddiy misol, fermerlar tolaning bir kilosini 1,5 dollarga sotsa, klasterlar paxta xom ashyosini bunday arzon bahoga sotmaydi. Ularda 1,5 dollarlik xom ashyoni 25 dollar qiymatga aylantirish imkoniyati bor. Hisob-kitoblarga koʻra, 1 kilogramm toladan kalava ip yigirilsa, uning bahosi 2,5 dollarga, mato toʻqilsa 5,5 dollarga, tayyor tikuvchilik mahsulotiga aylantirilsa esa oʻrtacha 15 — 25 dollarga teng boʻladi. Mana, klasterning asosiy ustunligi qayerda?!

Klaster afzalligining yana bir jihati — aholi bandligini taʼminlashda koʻzga tashlanmoqda. Chunki har 100 gektarda 15 — 25 nafar kishi doimiy ish bilan taʼminlanishi, ularga mehnat daftarchasi ochilib, oylik maosh berilishi kerak. Afsuski, fermer xoʻjaliklarida buning uddasidan amalda chiqilmagani oqibatida chekka hududlarda ishsizlik masalasi eng ogʻriqli muammoga aylandi. Oqibatda qishloq yigitlari ish izlab, xorijga ketishga majbur boʻlishdi. Klaster usuliga oʻtilgach, odamlar yil — oʻn ikki oy ish bilan taʼminlandi, mehnatiga yarasha haq berilmoqda. Natijada tirikchilik uchun qoʻshni QozoQiston yoki Rossiyada yurganlar yurtimizga qaytib kela boshladi. Bugun ular qishloq xoʻjaligidagi klaster islohoti samaralarini oʻz hayotida his qilmoqda.

Aniq misol keltiraman. Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanida fermerlik harakati davrida qishloq xoʻjaligida band boʻlganlar soni atigi 898 nafar boʻlib, ularning oʻrtacha ish haqi 550 ming soʻmni tashkil etgan. Soliq toʻlovlari 3,5-4 milliard soʻm boʻlgan, xolos. Tumanda "TCT Sluster” klasteri tashkil etilgach, 8,7 mingta ish oʻrni yaratildi. Ularning oʻrtacha ish haqi 2,9 million soʻmga yetkazildi. Soliq tushumlari esa 2020-yil yakunlari boʻyicha 53 milliard soʻmga yetdi. Yana bir misol, agar fermer xoʻjaliklari davrida paxtadan 11 — 13 sentnerdan hosil olingan boʻlsa, klasterda bu koʻrsatkich 41 sentnerga yetkazildi.

Koʻrinib turibdiki, agrar sohada vaziyatni oʻzgartirishning yagona yoʻli, bu — klaster. Shu bois bugungi kunda mamlakatimizda nafaqat qishloq xoʻjaligi, balki iqtisodiyotning boshqa sohalarida ham klaster usuliga oʻtilmoqda. Davlatimiz rahbari parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida hukumatga istiqbolli sanoat klasterlari roʻyxatini aniqlab, ularni jadal rivojlantirish uchun alohida dastur ishlab chiqish vazifasi yuklatilgani zamirida ana shu hayot haqiqati mujassamdir.

— Murojaatnomada yana bir tashabbus ilgari surilgan edi. Bu — yerdan foydalanish huquqini mustahkamlash, uning iqtisodiy qiymatini belgilash va moliyaviy oborotga kiritish mexanizmlarini joriy qilish masalasi. Ushbu yangilik yurtimiz dehqonlari, ayniqsa, paxta-toʻqimachilik klasterlari ishtirokchilariga qanday qulaylik beradi?

— Aslida, yerdan foydalanish huquqi nomoddiy aktivlar toifasiga kiradi. Qonunchiligimizda bankdan kredit olishda garov sifatida yer uchastkasidan doimiy foydalanish yoki ijaraga berish huquqidan foydalanish normalari belgilab qoʻyilgan. Lekin shu paytgacha amalda uning ijrosi taʼminlanmadi. Sababi, yerdan foydalanish huquqining qiymatini hisoblash mexanizmi yoʻqligi tufayli uni moliyaviy oborotga kiritish imkonsiz edi. Endi ushbu masala ham oʻz yechimini topmoqda.

Chet el huquq amaliyotida «emfitevzis» degan tushuncha bor. Bu, qishloq xoʻjaligi yerlaridan uzoq muddatli yoki muddatsiz foydalanish huquqini anglatadi. Dastlab qadimgi Rimda qoʻllanilgan mazkur norma hozirgi vaqtda AQSH, Fransiya, Niderlandiya, Kanada, Italiya, Belgiya, Xitoy va boshqa koʻplab mamlakatlar qonunchiligida oʻz aksini topgan.

Xorij tajribasidan maʼlumki, yerdan foydalanish samaradorligini ham xususiy, ham yerga davlat egalik qilgan holda oshirish mumkin. Faqat yerdan foydalanuvchilar toʻrtta talabni bajarishlari shart. Bular — yer uchastkasini oʻz toifasida saqlab qolish, yerlarning tanazzul (degradatsiya)ga uchrashining oldini olish, ekologik talablarga rioya qilib, atrof-muhitga zarar yetkazmaslik, soliq toʻlovlari va boshqa majburiyatlarni toʻliq bajarishdir.

Taʼkidlash kerakki, kredit olish uchun yerdan foydalanish huquqini garov sifatida qoʻyishga hech qanday toʻsiq boʻlmasa-da, bu tijorat banklari uchun qiziq emas. Bank bu usulda kredit berishdan qachon manfaatdor boʻladi? Agar yerdan foydalanish huquqi bozorda talab yuqori mahsulotga aylansa, uning ikkilamchi bozori yaratilsa, garovga qoʻyilgan huquq adolatli narxda baholansa, risk va xatarlardan himoyalash boʻyicha mustahkam sugʻurta tizimi amalda faol ishlasa!

Demak, yerdan foydalanish huquqini bozor aktiviga aylantirish uchun, avvalo, uning mexanizmini yaratishimiz lozim. Ana shunda u oʻz narxiga ega turli bitimlar obyekti boʻla oladi, bozorda talabgir tovarga aylanadi. Bu jarayonda sugʻurta xizmatlari bozorini ham rivojlantirish talab etiladi.

— Shu oʻrinda tabiiy savol tugʻiladi: aytaylik, yerdan foydalanish huquqini garov sifatida qoʻygan klaster kredit majburiyatlarini bajara olmadi. Bunday paytda bank qanday yoʻl tutadi?

— Bank yerdan foydalanish huquqini nomoddiy aktiv sifatida sotishi mumkin. Bu esa qishloq xoʻjaligi korxonalari, xususan, klasterlar zimmasidagi masʼuliyat hissini yana-da oshiradi. Yerdan samarali foydalanish, koʻproq daromad olish va kredit toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlashga undaydi.

Yerdan foydalanish huquqining nomoddiy aktiv sifatida kapitallashuvi, pirovardida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, mamlakat iqtisodiy qudratini oshirishga xizmat qiladi.

Misol uchun, bizning hisob-kitoblarimizga koʻra, Toshkent viloyatidagi 1 gektar yer uchun ijara bahosi, agar meʼyoriy narx boʻyicha hisoblansa, 10 dollardan 30 dollargacha boʻladi. Ijara haqi bozor bahosidan kelib chiqqan holda toʻlansa, 40 dollardan 80 dollargacha yetadi. Oradagi farqni koʻryapsizmi? Yer uchastkalarining normativ va bozor qiymati oʻrtasidagi ushbu tafovut qishloq xoʻjaligi yer uchastkalariga egalik huquqini berish va ulardan foydalanishning ikkilamchi bozorini rivojlantirish uchun asos boʻlishi mumkin.

Maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda AQSH hamda Fransiyada faoliyat yuritayotgan barcha biznes tuzilmalarining nomoddiy aktivlari 35 foiz, Belgiyada 32 foiz, Italiyada 29 foiz, Portugaliyada 27 foiz, Germaniyada esa 24 foizni tashkil etadi. Oʻzbekistonda esa nomoddiy aktivlarning ulushi 1 foizdan ham kam. Birgina yerdan foydalanish huquqi aktiv sifatida moliyaviy oborotga kiritilgach, bu boradagi koʻrsatkich nafaqat oshadi, balki muttasil ravishda oʻsadi. Axir, qishloq xoʻjaligi korxonalari, paxta-toʻqimachilik klasterlarida foyda keltirishi mumkin boʻlgan aktivlar tarkibi koʻpayadi. Oʻz navbatida, ulardan yangi aktivlar shakllantirish imkoniyati paydo boʻladi.

Shu tariqa yer maydonlaridan foydalanish samaradorligi ortib, u investitsiyaviy jozibador aktivga aylanadi. Nomoddiy aktivlarni esa xuddi moddiy aktivlar singari sotish, ayirboshlash, ijaraga berish, garovga qoʻyish, boshqa kompaniyalarning ustav kapitaliga hissa sifatida qoʻyish ham mumkin. Shuning evaziga mamlakat boyligi bir necha milliard dollarga ortadi.

— Ayni paytda klasterlar shakllanib, oyoqqa turish davrini boshidan oʻtkazmoqda. Ularni rivojlantirish uchun yana qanday islohotlar amalga oshirilishi kerak? Aniqrogʻi, klasterlar oldida hal qilinishi zarur boʻlgan qanday muammolar turibdi?

— Ochigʻini aytish kerak, keyingi paytda qishloq xoʻjaligi sohasida inqilobiy  oʻzgarishlar roʻy beryapti. Prezidentimizning 2019-yil 23-oktyabrdagi tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi, ayniqsa, qulay agrobiznes muhiti yaratishda muhim hujjat boʻldi. Unga koʻra, maʼmuriy va tartibga soluvchi toʻsiqlar bartaraf etilib, sohaga bozor munosabatlari joriy qilinmoqda. Eng katta yengillik esa davlat roli qisqartirilib, xususiy sektorga berilayotganligidir. Bu jarayonda paxta-toʻqimachilik klasterlariga ham qoʻshimcha imtiyozlar taqdim etilyapti.

Paxta-toʻqimachilik klasterlari oldiga qoʻyilayotgan qishloqqa sanoatni olib kirish, chekka hududlarda minglab yangi ish oʻrinlari yaratish, qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish kabi ustuvor vazifalar ijrosini toʻla-toʻkis taʼminlash uchun bitta asosiy masalani hal etish zarur. U ham boʻlsa, qishloq xoʻjaligini moliyalashtirishni takomillashtirish.

Dastlabki tahlillarimizga koʻra, aksariyat tadbirkorlar amaldagi moliyalashtirish tartibi klasterlarning ishlab chiqarish sikliga mos kelmasligi sababli mablagʻ yetishmovchiligiga duch kelmoqda. Negaki, hozirgi moliyalashtirish tizimiga koʻra, kreditlar atigi 1 yilga beriladi. Bu esa paxta yetishtirish umumiy xarajatlarining koʻpi bilan 60 foizini qoplaydi, xolos. Qolgan qismi va tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish “zanjir”ining keyingi bosqichlarini moliyalashtirish uchun tadbirkorlar yuqori foizli (yillik 25-26 foizli) qoʻshimcha kreditlar olishga majbur boʻlishmoqda.

Bizningcha, paxta yetishtirish va chuqur qayta ishlash uchun aylanma mablagʻni shakllantirishga kreditlar kamida uch yilga berilishi kerak. Zavod, fabrika qurish singari investitsiyaviy loyihalarga yoʻnaltiriladigan investitsiyaviy kreditlar muddati esa 5 yildan 9 yilgacha boʻlgani maqsadga muvofiq. Yaʼni kredit ajratish, uning foizi va qaytarish muddatini belgilashda paxta-toʻqimachilik tarmogʻining oʻziga xos jihatlari, albatta, inobatga olinishi zarur.

Birinchidan, u yuqori rentabelli yoki tikilgan sarmoya tez qaytadigan yoʻnalish emas.

Ikkinchidan, paxtani yetishtirishdan tortib, chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulotni isteʼmolchilarga yetkazib berish jarayoni oʻrtacha uch yil davom etadi. Sodda qilib aytganda, birinchi yil sarflangan mablagʻ uch yildan keyin qayta boshlaydi. Shu hisobda paxta yetishtirish uchun berilayotgan kreditlarning qaytarish muddati 3 yilga uzaytirilsa, klasterlar duch kelishi mumkin boʻlgan muammo oʻz-oʻzidan hal etiladi. Shunday tizim yaratishimiz kerakki, ishlayman degan odam moliya-bank muomalasida hech qanday muammoga duch kelmasligi kerak.

Bugun davlatimiz tomonidan klasterlarga katta ishonch bildirilyapti. Ular emin-erkin faoliyat yuritishi uchun zarur barcha shart-sharoit yaratib berilmoqda. Umid qilamizki, agrosanoatda sifat oʻzgarishlarini yasash, ulkan natijalarga erishishni maqsad qilgan klasterlar uchun moliyalashtirishning ham eng maqbul usuli tanlanadi.

Prezidentimiz Namangan viloyatiga tashrifi davomida klaster ishtirokchilari bilan uchrashib, bu usul qishloq xoʻjaligida yangi davrni boshlab berayotganini alohida eʼtirof etdi. Shu bilan birga, sohani sifat jihatidan yana-da rivojlantirish uchun amalga oshirishimiz lozim boʻlgan muhim vazifalarni belgilab berdi.

Binobarin, klasterlashtirish zamirida ikkita ezgu maqsad yotibdi. Birinchisi, qishloq xoʻjaligi yerlari, xususan, sugʻoriladigan ekin maydonlarining har bir qarichidan samarali foydalanish. Ikkinchisi, aholini, ayniqsa, qishloq ahlini boy, hududlarni obod qilib, xalqning rizoligiga erishishdir. Ushbu maqsad-muddaolarga yetish, bildirilgan ishonchni oqlash uchun klasterlar bor imkoniyatlarini ishga solayotir. Bemalol aytishimiz mumkinki, bugungi islohotlar yaqin yillar ichida kutilgan samaralarini berib, Oʻzbekiston jahon toʻqimachilik sanoatining markazi, “dunyo fabrika”laridan biriga aylanadi.

Klasterlar erishgan natijalar — raqamlarda

Respublikamizda barcha yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan klasterlar soni 510 taga yetdi. Shundan qariyb 100 tasi paxta-toʻqimachilik boʻyichadir.

Ular amaliyotga ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalarni izchil qoʻllayotgani tufayli paxtachilikda hosildorlik bir yil ichida oʻrtacha 10 foizga oshdi.

Bugungi kunda paxta yetishtiriladigan maydonlarning 32,5 ming gektarida suvni tejovchi texnologiyalar joriy etilgan boʻlsa, shundan 21 ming (65 foiz) gektari klasterlar hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Klasterlarda 550 ming tonna kalava ip, 204,5 million kvadrat metr gazlama, 54,5 ming tonna mato toʻqish, 69 ming tonna matoni boʻyash hamda 218,6 millionta tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvatlari mavjud.

Klasterlar tomonidan 2018 — 2020-yillarda paxta xom ashyosini yetishtirish va uni qayta ishlashni tashkil etish boʻyicha loyihalar doirasida jami 145,7 mingta, birgina 2020-yilda esa 87,2 mingta yangi ish oʻrni yaratildi.

2020-yilda 18 ta klaster tomonidan paxtani chuqur qayta ishlash boʻyicha qiymati 774 milliard soʻmlik 29 ta investitsiyaviy loyiha ishga tushirildi.

Said RAHMONOV, 
(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер