Loyiha bilan qanday normalar belgilanyapti?

19:43 03 Oktyabr 2022 Jamiyat
311 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakatimiz hayotiga daxldor boʻlgan qator muhim qonun loyihalarini koʻrib chiqishdi.

Kun tartibidagi dastlabki masala — “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi boʻldi.

Taʼkidlanganidek, qonun loyihasi Prezidentimizning “Davlat xizmatlari koʻrsatishni soddalashtirish, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib ishlab chiqilgan.

Mazkur loyiha bilan fuqarolar davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan sudlarga murojaat qilish chogʻida belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji toʻlashi belgilanmoqda.

Fraksiya aʼzolari kiritilayotgan normalarni qizgʻin muhokama qilib, qonun loyihasini qoʻllab-quvvatlashdi.

Shundan soʻng, “Oʻzbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, ushbu hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini oʻz vaqtida koʻrib chiqish va qabul qilinishini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan. Belgilanayotgan normalar bilan “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi va byudjetnoma Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis palatalariga 15-oktyabrdan kechiktirmasdan kiritilishi nazarda tutilmoqda.

Muhokamalar davomida fraksiya aʼzolari qonun loyihasini takomillashtirish boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirib, uni maʼqulladilar.

Savol-javoblarga boy boʻlgan yigʻilishda “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi. Fraksiya aʼzolari qonun loyihasi yuzasidan bir qator takliflar berib, ushbu hujjatni qoʻllab-quvvatlashdi.

Yigʻilishda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan fraksiyaning qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?