Litva va AQSHda Oʻzbekiston Prezidenti sovrini uchun kurash musobaqalari boʻlib oʻtdi

01:41 15 Sentyabr 2022 Sport
741 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Litva davlatining Vilnyus shahrida kurash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Kurash federatsiyasi homiyligida Litva kurash federatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan ushbu musobaqada 15 yaqin davlat polvonlari ishtirok etdi. Unda erkaklar mutlaq vazn toifasida, ayollar esa +55 vaznda gilamga chiqdilar. 

Yakunda erkaklar oʻrtasida polshalik Aleksey Lsenka gʻoliblikka erishdi. Martin Patriki (Polsha) kumush, Kostas Butkus (Litva) va Yuriy Tkachenko (Finlandiya) bronza medallarni qoʻlga kiritdi.

Ayollar oʻrtasida mezbonlar vakili Dala Maykonete bosh sovrinni qoʻlga kiritdi. U finalda hamyurti Lolita Obalevikadan ustun keldi. Ukrainalik Valeria Smaliaxa va Sofiya Shishan bronza medallar bilan taqdirlandi.

AQSHda ham ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro kurash turniri tashkil etildi.

Filadelfiya shahrida oʻtkazilgan musobaqa avvalida oʻzbek sanʼatkorlari ijrosida yangragan qoʻshiqlar tadbirni haqiqiy maʼnoda sport va sanʼat bayramiga  aylantirdi.

Bellashuvlarda dunyoning 20 ga yaqin davlatidan kelgan nomdor polvonlar gilamga chiqdi. Bahslar yakunida gruziyalik polvon Georgi Katsiashvili Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovriniga sazovor boʻldi.

AQSHda kurash targʻiboti dasturlari davom etmoqda. Nyu-York shahrining Manxetten mavzesida joylashgan «Sentral park«da hamda Los-Andjeles shahrida joylashgan Griffits parkida kurash sportining bor jozibasi aks etgan mahorat darslari boʻlib oʻtadi. Dasturdan AQSHning Kembrij shahridagi dunyoga mashhur Garvard universiteti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasida muzokaralar oʻtkazish ham oʻrin olgan. 16-sentyabr kuni Filadelfiya shahrida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston kunlari tadbiri doirasida kurash sport turining koʻrgazmali chiqishi va taqdimotlari ham oʻtkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?