Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari tubdan takomillashtirilmoqda

17:22 13 Yanvar 2021 Jamiyat
188 0

2021-yil 13-yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini atroflicha koʻrib chiqdilar.

Litsenziyalash va ruxsat berish sohasidagi milliy qonunchilikni tizimlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasida bir qator muhim normalar aks etmoqda.

Chunonchi, unda litsenziyalanadigan faoliyat turlari va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning tanqidiy tahlili asosida mazkur hujjatlarni keskin qisqartirish nazarda tutilmoqda.

Qonun loyihasiga koʻra, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillaridan oʻtish faqatgina elektron tarzda ixtisoslashtirilgan maxsus elektron tizim — “Litsenziya” axborot tizimi, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Qonun loyihasida litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni elektron shaklda berilishi munosabati bilan ularning dublikatini berish, shuningdek, litsenziya shartnomasini tuzish institutini bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Talabgorlarning litsenziya hamda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish toʻgʻrisidagi murojaatini koʻrib chiqishning soddalashtirilgan tartibi ifodalanyapti. Deputatlarning fikricha, qonun loyihasida belgilanayotgan muddat mobaynida vakolatli organ tegishli qaror qabul qilmaganda, talabgor belgilangan davlat boji yoki yigʻim toʻlovini amalga oshirgandan keyin maxsus elektron tizim unga litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishi shart. Bunda, talabgor faoliyat bilan litsenziyasiz va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz shugʻullanganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Qonun loyihasida litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor etishga oid huquqbuzarlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan jarima qoʻllash institutini joriy etish nazarda tutilayotgani qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi. Bunda yuridik shaxs jarimani bir oy davomida ixtiyoriy toʻlagan, shuningdek, amalga oshirish uchun talab etiladigan litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish toʻgʻrisida murojaat qilgan hamda xabarnoma yuborganda, tayinlangan jarima miqdorining yetmish foizi undirilishiga oid ragʻbatlantiruvchi norma belgilanmoqda.

Taʼkidlab oʻtilganidek, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish, ushbu sohadagi qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish orqali huquqiy tartibga solishni soddalashtirish hamda mamlakatda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yana-da yaxshilashga xizmat qiladi.

Munozaralardan soʻng, qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?