Kuniga 20 daqiqa jismoniy faollik oʻlim xavfini 13 foizga kamaytiradi — tadqiqot

15:22 07 Fevral 2022 Jamiyat
841 0

Jismoniy faollikning salomatlik uchun foydasi juda katta. Ayniqsa, kasalliklar profilaktikasida yurish, yugurish, suzish, badantarbiya kabi mashgʻulotlarga teng keladigani yoʻq.

AQSHning Milliy saraton instituti olimlari oʻtkazgan tadqiqot natijasi esa yanada hayratlanarli. Maʼlum boʻlishicha, agar ushbu mamlakatda yashovchi 40 yoshdan 85 yoshgacha boʻlgan barcha fuqarolar kuniga atigi 10 daqiqa davomida jismoniy faollik uchun vaqt ajratganida edi, yiliga 110 ming nafardan ortiq amerikalikning hayotini saqlab qolish mumkin edi.

Mutaxassislar fikricha, jismoniy mashqlar hamma uchun birdek foydali. Ular 4800 dan ortiq oʻrta va katta yoshli kishilarning salomatlik koʻrsatkichlarini oʻrganib, shunday xulosaga kelishdi.

Tadqiqot ishtirokchilarining kundalik hayoti va faoliyati maxsus monitorlar yordamida yetti kun davomida kuzatib va qayd etib borildi. Olingan natijalar aholi oʻlimi bilan bogʻliq toʻplangan maʼlumotlar bilan qiyoslandi.

Natijalar shuni koʻrsatdiki, har kuni qoʻshimcha 10 daqiqa jismoniy faollik oʻlim xavfini 7 foizga kamaytiradi. Agar shunday mashqlarga 20 daqiqa ajratilsa, 13 foiz, 30 daqiqa sarflansa, 17 foizlik natijaga erishish mumkin.

Boshqacha qilib aytganda, qoʻshimcha 20 daqiqalik jismoniy mashqlar AQSHda yiliga 210 mingga yaqin, 30 daqiqalik faollik esa 270 mingdan ortiq oʻlim holatlarining oldini oladi, deyiladi tadqiqot mualliflari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?