Kun fotosi: Sirdaryo viloyat hokimi oʻquvchilarga fizikadan dars oʻtdi

19:07 02 Aprel 2021 Jamiyat
1168 0

Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida Ahmad al-Fargʻoniy nomidagi fizika faniga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda viloyat hokimligi Axborot xizmati xabar berdi.

Tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Gʻofujon Mirzayev, Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, viloyat, tuman sektor rahbarlari, mahalla faollari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishgan.

Tayanch maktabi qurilishi oʻtgan yilning avgust oyida boshlanib, qisqa muddatlarda «Qishloq qurilish invest» MCHJning homiylik mablagʻlari hisobidan qurib bitkazildi.

Tadbirni viloyat hokimi Gʻofujon Mirzayev kirish soʻzi bilan ochib bergan.

Ahmad al-Fargʻoniy nomidagi tayanch maktabi toʻrt qavatli qilib qurilgan boʻlib, 330 oʻringa moʻljallangan. Boʻlajak fiziklar maktabida 23 ta oʻquv xonasi, 4 ta xorijiy tillar, axborot texnologiyalari xonasi, kimyo, biologiya, fizika laboratoriya xonalari, 1 ta ochiq sport maydoni hamda zamonaviy kutubxona sifatli taʼlim-tarbiya jarayonlarini tashkil etishga xizmat qiladi.

Tadbir davomida Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov bugungi kundagi taʼlim tizimidagi oʻzgarishlar xususida soʻz yuritar ekan, Davlatimiz rahbari irodasi bilan bugungi kunda hokimlar faoliyatining mezoni sifatida paxta, gʻalla, umuman qishloq xoʻjaligi sohasidagi erishilgan yutuqlar emas, balki taʼlim-maorif sohasiga boʻlgan eʼtibori bilan baholanayotganligini taʼkidladi.

Maktabga tashrif davomida viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev oʻquvchilarga fizika fanidan mahorat darsi oʻtib bergani tasvirlangan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Viloyat hokimi oʻquvchilarga elektr toki haqida Om qonuni formulasini tushuntirib bergan, va oʻquvchilar bilan qisqa savol javob-qilgan.

Mahorat darsi tugagandan soʻng Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov viloyat hokimiga ishora qilib, “Mana koʻrdinglarmi, fizikani bilgan odam viloyat hokimi boʻladi”, deb hazil qilgan.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?