Kosonsoylik ikki oʻquvchi qizning jonli ijrodagi qoʻshigʻi ijtimoiy tarmoqlarni “yondirdi”

11:38 24 Noyabr 2021 Jamiyat
877 0

Foto: Халқ сўзи

Madina Usubjonova Kosonsoydagi 22-umumtaʼlim maktabining 8-sinfida tahsil oladi, uning tengdoshi Nurzida Isayeva esa tumandagi 45-maxsus maktab-internati oʻquvchisi. Bu ikki iqtidor egasini milliy qoʻshiqlar ijrosiga ishtiyoqmandlik birlashtirgan. “Kamalak” yulduzlari", Muhiddin Qori Yoqubov nomidagi festival singari musiqa va sanʼat yoʻnalishidagi koʻplab tanlovlarning hududiy bosqichlarida muvaffaqiyatli qatnashib kelayotgan yosh talantlar tumandagi 4-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabida ustozlari Arslonbek Salohiddinovdan anʼanaviy xonandalik sir-asrorlarini qunt bilan oʻrganishmoqda.

Umidli yoshlar yaqinda Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning “Muhabbat” qoʻshigʻini maromiga yetkazib kuylashdi. Jonli ijro ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalib, Internetni “yondirdi”. Buni ushbu post qisqa vaqt ichida 500 ming martadan ortiq koʻrilganidan bilib olish mumkin. Oʻziga хos talqindagi ijro muxlislar tomonidan eʼtirof etilib, minglab sanʼat ixlosmandlarining olqish va minnatdorchiliklariga sazovor boʻlgani yosh iqtidorlar intilishiga qanot bagʻishlashi turgan gap.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?