Kosonsoyda qanday muammolar hal etildi?

Prezidentimiz topshirigʻi asosida tuzilgan Respublika ishchi guruhining Namangan viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan eng ogʻir hududi hisoblangan Kosonsoy tumanidagi faoliyati davomida “Oqqoʻrgʻon tajribasi” asosida 59 ta mahallada uyma-uy, xonadonma-xonadon yurilib, aniqlangan har bir masalaga yechim izlandi.
Bu boradagi eng asosiy vazifa – aholining real daromadini oshirish, dasturxoni toʻkinligini taʼminlash uchun sharoit yaratishdan iborat boʻldi. Shu maqsadda 72 nafar murojaatchiga 1,6 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratishga qaror qilingan boʻlsa, ulardan 57 nafariga 1,1 mlrd. soʻm kredit berilishi taʼminlandi.
Bu jarayonda tumandagi 14 ta tikuvchilik korxonasi bilan hamkorlikda 100 nafar ishsiz xotin-qiz kooperatsiya asosida oʻz uyida ishlab daromad topishi yoʻlga qoʻyildi. Buning uchun shu ayollarga subsidiya asosida 100 ta tikuv mashinasi ajratildi, ularning 14 ta korxona bilan shartnoma imzolashiga yordam koʻrsatildi. Shundan oʻquv kurslarini bitirgan 80 nafar xotin-qiz uyida ish boshlagan boʻlsa, 20 nafar ayollar bir oylik oʻquv kursida oʻqiyapti.
Asosiysi, bunda tikuvchilik korxonalari “Beshariq tajribasi” asosida xonadonlarga xomashyo yetkazib berib, tayyor mahsulotni olib ketadi. Ayollar uyida ishlab daromad topaveradi. Yaʼni xomashyo bor, tayyor mahsulotni sotib oluvchi bor, faqat uyda ishlab mehnat qilinsa kifoya.
Misol uchun “Ozod” mahallasida yashovchi Muborak Eshonovaga subsidiya asosida tikuv mashinasi berilgach, oyiga oʻrtacha 14 tonna sochiq ishlab chiqarayotgan “Kushon zilol suv javohiri” korxonasi unga yarim tayyor sochiqlarni keltirib bermoqda. Muborak opa tikayotgan tayyor sochiqlar esa boshqa mahsulotlar bilan birga ichki bozor va Mustaqilik davlatlar hamdoʻstligi mamlakatlariga yetkazib beriladi. Tikuvchining aytishicha, kuniga kamida 600-800 ta sochiq hoshiyasini tikish mumkin. Bitta sochiq uchun oʻrtacha 180 soʻmdan xizmat haqi beriladi va bu kuniga 150 ming soʻm atrofida, oyiga esa 3 million 600 ming soʻmgacha foyda olish imkoni degani.
Yoki “Bogʻi baland” mahallasida yashovchi Sanobar Sotvoldiyeva ham subsidiyaga tikuv mashinasi olib, “Kushon tekstil group” korxonasi bilan shartnoma imzolagach, uyida kiyim tikib, daromad topishni boshladi. Ayolning aytishicha, u kuniga oʻrtacha 50 donagacha yarim tayyor kiyimlarni tiksa, 100-150 ming soʻmgacha xizmat haqi toʻlanadi.
Eng muhimi, Kosonsoyda tikuvchilik mahsulotlari tayyorlash va eksport qilish uchun katta salohiyat-u imkoniyat bor. Aytaylik, 3 mingga yaqin kishi ishlayotgan “Barkas teks group” korxonasida tayyorlanayotgan trikotaj mahsulotlari 15 ta davlatga eksport qilinyapti. Bir hafta ichida yana 70 ga yaqin kosonsoylik ishsiz xotin-qizlar shu yerda doimiy ish va daromad manbaiga ega boʻldi. Muxtasar Abdullayeva ham yaqinda shu yerda ish boshladi.
Respublika ishchi guruhi oʻrganishlari davomida Muxtasar singari ishsizligi aniqlangan 500 nafardan ziyod xotin-qiz tumandagi 14 ta tikuvchilik korxonasiga ishga joylashtirildi. Bunga kooperatsiya asosida uyida ishlayotgan 100 nafar xotin-qizni ham koʻshsak, hafta-oʻn kun ichida jami 600 nafardan ziyod kosonsoylik ayollar bandligi taʼminlandi.
Bundan tashqari, kosonsoylik 22 nafar xotin-qizga subsidiya asosida pishiriq pishirish pechlari berilib, ular “Kushon shirinliklari”, “Sevimli ochiq savdo” kabi yirik qandolatchilik korxonalariga kooperatsiya asosida biriktiriladigan boʻldi. Birgina “Kushon shirinliklari” korxonasini olsak, bu yerda mavsum payti kuniga 1 tonnagacha 36 turdagi pishiriqlar tayyorlab, bozorga chiqariladi. Korxona rahbari Qosimjon Maqsudov 200 dan ortiq xotin-qizni uy sharoitida ish bilan taʼminlagan boʻlib, yaqinda yana 100 nafar ayollarga pechlar olib berilib, uyida ishlashi taʼminlanadi.
Shu bilan birga, Kosonsoyda issiqxonalar tashkil qilish, tomorqalarda ham mahsulot yetishtirishdan to sotib olishgacha kooperatsiya tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha qator loyihalar ishlab chiqildi.
Kosonsoyliklarning yoʻllar taʼmiri, elektr energiyasi, gaz, issiqlik, ichimlik suvi bilan bogʻliq eng birlamchi hayotiy masalalarini hal qilish uchun ham bor kuch-imkoniyat safarbar qilindi. Xususan, bu jarayonda “Shayxon”, “Boʻston”, “Bogʻkoʻcha” singari mahallalardagi 14,4 km. ichki koʻchalar tosh yoʻlga aylantirilgani aholining yoʻlini ravon, uzogʻini yaqin qilyapti.
“Hurriyat”, “Obod”, “Xonqoʻrgʻon”, “Bogʻi baland”, “Oʻrta koʻcha”, “Soycha” singari mahallalardagi 200 dan ziyod eskirgan simyogʻochlar beton ustunlarga almashtirilib, yangi tarmoqlar tortib berilishi bilan koʻplab xonadonlar ham, insonlarning koʻngli ham nurafshon boʻldi.
Aholi talab-istaklari asosida qariyb 5 ming 770 suyultirilgan gaz balloni yangilangan boʻlsa, 1 ming 65 tonna koʻmir olib kelinib, aholiga yetkazildi.
Davlatimiz rahbari belgilab bergan “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili Respublika ishchi guruhi faoliyatining asosiy mezonlaridan biriga aylandi. Xalq taʼlimi sohasi faxriylari, uyda taʼlim olayotgan oʻquvchilar holidan xabar olinib, bir qator maktablar mebel jihozlari va kitoblar bilan taʼminlandi.
Oʻrganishlar natijasida ogʻir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash, yoshlarning iqtisodiy-ijtimoiy masalalarini hal qilish, ehtiyojmand, yakka-yolgʻiz insonlar turar-joylarini taʼmirlash va ularga moddiy yordam koʻrsatish uchun mahalliy byudjetdan 6,6 mlrd. soʻm ajratdi, oʻnlab xonadonlarni taʼmirlash ishlari boshlandi.
Eʼtiborlisi, ogʻir turmush sharoitida qolgan, boquvchisini yoʻqotgan, uy-joysiz besh nafar ayol va farzandlari uchun 12 ta ijtimoiy xonadon ajratilib, ularning barchasi yangi uylarga koʻchirildi. Turmush oʻrtogʻi vafot etgach, ikki farzandi bilan ogʻir ahvolga tushib qolgan Nodira Zokirova ham qish-qirovli kunlarda barcha sharoitga ega boshpanaga ega boʻlganidan baxtiyor.
Bu jarayonda 323 nafar bemorga davolanishi uchun amaliy yordam koʻrsatilgan boʻlsa, 53 nafar murojaatchi reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlandi.
Bir soʻz bilan aytganda, Respublika ishchi guruhining Kosonsoydagi faoliyati davomida 59 ta mahalladagi qariyib 38 ming 200 xonadon va mingdan ziyod ijtimoiy soha obyektlari oʻrganilib, ularda aniqlangan 6 ming 180 dan ziyod masalaning 4,5 mingdan ortigʻi hal qilindi. Buning uchun 11 mlrd soʻmdan ziyod mablagʻ ajratildi. Qolgan masalalar boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Kasbida bir yoʻla 5 ta yirik sanoat korxonasi barpo etilmoqda
- Ekologlar xulosasi: Yer maydonining 99 foizi xavfli zarralar bilan ifloslangan
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring