Kosondagi klaster 5 bosqichli yangi loyihalarni amalga oshiradi

12:38 17 Mart 2021 Iqtisodiyot
264 0

Koson tumanida paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishini klaster shaklini joriy etgan “Bunyodkor” MCHJda 2020-yilda 284 fermer xoʻjaligi bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzilgan boʻlib, 22 690 tonna paxta xomashyosi qabul qilinib, undan 2100 tonna ip-kalava ishlab chiqarildi. Shundan 2000 tonna yoki 3,7 mln AQSH dollari miqdoridagi ip-kalava xorijga eksportga chiqarildi. Eng muhimi korxona 172 nafar mahalliy yoshlar uchun doimiy ish oʻrni yaratgan.

Korxona joriy yilda yana 5 bosqichli yangi loyihani amalga oshirishni koʻzda tutgan. Xususan, loyiha qiymati 271090,0 mlrd soʻm boʻlgan quvvati yiliga 900 tonna ip-kalava ishlab chiqarishga moʻljallangan zamonaviy uskunalar 2021-yilning 3-choragida qurilib ishga tushiriladi. Bu loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgach, 350 nafar mahalliy yoshlar bandligi taʼminlanadi.

Shuningdek, loyiha qiymati 90 971, 0 mlrd soʻmlik yiliga 3953 tonna mato ishlab chiqarishga moʻljallangan toʻqimachilik uskunalari olib kelinib, joriy yilning 3-choragida ishga tushiriladi. Natijada 220 nafar yangi ish oʻrni ochiladi. Keyingi bosqichda matodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga moʻljallangan 41 972, 0 mlrd soʻmlik dastgohlar keltirilib, shu yilning 3-choragida montaj qilinadi va ishga tushiriladi. Bu loyiha doirasida 450 ta yangi ish oʻrni ochiladi.

Loyihaning 4- va 5- bosqichida chigitni qayta ishlash (yogʻ-moy zavodi) boʻyicha 33270, 0 mlrd soʻm soʻmlik va chorvachilik kompleksi barpo etish boʻyicha 35000, 0 mlrd soʻmlik texnologik uskunalar olib kelib oʻrnatiladi hamda 250 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?