“Koson Baxt tekstel”da ishlayotganlarning 20 foizdan ziyodini “Ayollar daftari”ga kirganlar tashkil etadi

16:20 25 Oktyabr 2021 Jamiyat
215 0

Foto: Халқ сўзи

Qashqadaryo viloyati Koson tumanida faoliyat olib borayotgan “Koson Baxt tekstel” paxta toʻqimachilik klasterining yakuniy zanjiri hisoblangan ishlab chiqarish korxonasida 500 nafar xotin-qiz doimiy ish bilan taʼminlandi. Yangidan barpo qilingan zamonaviy va barcha qulaylikka ega korxonada Yaponiyada ishlab chiqarilgan eng yangi rusumdagi 386 ta tikuv mashinasi va qoʻshimcha dastgohlar olib kelib oʻrnatildi. Ushbu loyiha uchun 35 milliard soʻm miqdorida mablagʻ sarflandi.

– Korxonamizning quvvati yiliga 2,5 mln dona kiyim-kechak ishlab chiqarishga moʻljallangan boʻlib, mahsulotlarimizning asosiy qismini Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻistonga eksport qilamiz,- deydi “Koson Baxt tekstel” paxta toʻqimachilik klasteri rahbari Yoqubjon Norboyev. – Bugungi kunda sexlarimizda mehnat qilayotgan tikuvchilarning 20 foizdan ziyodini “Ayollar daftari”ga kirgan va 2 oylik kurslarda tikuvchilikni oʻrganib sertifikat olgan xotin-qizlar tashkil etmoqda.

Yoqub Norboyevning qoʻshimcha qilishicha, Koson tumanida klasterga qarashli 15 ming gektar yer boʻlib, 1200 ta fermer xoʻjaligi bilan shartnoma tuzilgan. Har yili oʻrtacha 43 ming tonnadan ziyod paxta xomashyosi saranjomlanib, bir qator jarayonlardan oʻtib, alaloqibat tayyor mahsulotga aylantirilmoqda. Bu degani chigit ekishdan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonlar klasterning oʻzida amalga oshirilmoqda.

– Doʻstlik mahalasida yashayman,- deydi korxonaning ilgʻor tikuvchisi Raʼno Sultonova. – “Ayollar daftari”ga kiritilganimdan soʻng 2 oylik tikuvchilik kursida oʻqib, sertifikat oldim. Shu sertifikat asosida korxonaga ishga qabul qilindim. Endi qoʻlimda gulday hunarim bor, katta jamoaning aʼzosiman. Ilgari televideniye orqali shinam va ozoda sexlarda ishlayotgan tikuvchilarni koʻrganimda havasim kelardi. Mana, bugun oʻzim ana shunday sharafga muyassar boʻlib turibman.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?