Kosmik tarmoqni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilandi

19:07 23 Noyabr 2022 Siyosat
532 0

Foto: president.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyev kosmik faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining 2019-yil 30-avgustdagi farmoniga koʻra, Vazirlar Mahkamasi huzurida «Oʻzbekkosmos» agentligi tashkil etilgan edi. Oʻtgan davrda bu sohada meʼyoriy-huquqiy hujjatlar tayyorlash, infratuzilma yaratish boʻyicha muayyan ishlar qilindi. Lekin bugungi kunda kosmosdan foydalanish miqyosi shunchalik kengki, hali bu borada oʻrganadigan jihatlarimiz koʻp.

Masalan, 2020-yilda dunyoda kosmik xizmatlar bozorining umumiy hajmi 400 milliard dollarga yaqinlashgan. Bunda asosiy oʻrinni yerni masofadan zondlash, aloqa yoʻldoshlari, navigatsiya xizmatlari egallamoqda. Kelajakda kosmosdan foydalanish ehtiyoji yanada ortib boraveradi.

Shu bois, Prezidentimiz koʻrsatmasiga muvofiq, kosmik tarmoqni rivojlantirishning 5 yillik konsepsiyasi va “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Ularda yerni masofadan zondlash, telekommunikatsiya sunʼiy yoʻldoshlari milliy guruhini yaratish, ilmiy-ishlab chiqarish markazini tashkil etish, kadrlar tayyorlash, aerokosmik startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maqsadlar belgilangan.

Shuningdek, «Oʻzbekkosmos» agentligiga qoʻshimcha vazifalar yuklatish moʻljallanmoqda. Bular – kosmik suratlarni tahlil qilish orqali iqtisodiyot sohalarida qonunbuzarlik holatlarini aniqlash, davlat kosmik monitoringini amalga oshirish, bu jarayonda ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha takliflar tayyorlash kabilardir.

Davlatimiz rahbari bu chora-tadbirlarning natijadorligi qanday boʻlishini soʻradi.

Qayd etilganidek, bu tarmoq rivoji qishloq va suv xoʻjaligi, yer munosabatlari, ekologiya, geologiya kabi koʻplab sohalarda qoʻl keladi. Masalan, ekinlarning turi va maydoni, yerlarning oʻzboshimchalik bilan egallab olinishi, noqonuniy chiqindi joylari paydo boʻlishini aniqlash darajasi 95 foizgacha yetadi. Suv inshootlari, yer qaʼri va foydali qazilmalar muhofazasi ham yanada kuchayadi.

Prezidentimiz bu takliflarni maʼqullab, tegishli hujjatlarni qabul qilishga koʻrsatma berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?