“Korrupsiyani qabul qilish indeksi”ning yangilangan reytingi eʼlon qilindi

10:21 25 Yanvar 2022 Jamiyat
413 0

“Transparency International” xalqaro tashkiloti 2021-yil uchun “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”ning yangilangan reytingini eʼlon qildi. 

Unga koʻra, Oʻzbekiston 2020-yilga nisbatan 6 pogʻonaga koʻtarilib, 180 mamlakat orasida 140-oʻrinni egalladi.

Oʻzbekiston mazkur indeksda soʻnggi besh yil davomida barqaror oʻsish (2016-yilda 21 balldan 2020-yilda 28 ballgacha) qayd etib, mintaqadagi tez surʼatlarda yaxshilanib borayotgan davlatlar qatorida eʼtirof etildi.

Bunday barqaror oʻsishga erishish zamirida albatta mustahkam siyosiy iroda, muhim oʻzgarishlar va real islohotlarning amalga oshirilayotgani yotibdi.

Xususan, bugun davlat organlarining moliyaviy va boshqa turdagi faoliyatlari ochiqligi taʼminlanmoqda, ular faoliyati ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazorati oʻrnatildi, davlat xizmatiga ishga qabul qilishning oshkora mexanizmlari yoʻlga qoʻyilmoqda, yer uchastkalari, davlat aktivlari va boshqa turdagi mol-mulklar har qanday fuqaro qatnashishi mumkin boʻlgan onlayn auksionlarda realizatsiya qilinmoqda, aholiga 150 dan ziyod davlat xizmatlari byurokratiya va inson omilisiz koʻrsatilmoqda.

Eng asosiysi - bugun fuqarolar, keng jamoatchilikda korrupsiya illatiga nisbatan toqatsiz munosabat shakllanmoqda. Korrupsiyaviy xatti-harakatlar OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining doimiy diqqat markazida turibdi.

Albatta, mamlakatimizning mazkur reytingdagi oʻrni maqtanarli darajada emas. Hali oldinda qilinishi kerak boʻlgan juda koʻp ishlar turibdi.

Jumladan, yashirin iqtisodiyot koʻlamini qisqartirish, davlat xizmatchilarining mol-mulki va daromadlarini ochiqlash, barcha munosabatlarda manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyish holatlariga chek qoʻyish, korrupsiya jinoyatlari uchun keskin jazo choralarini qoʻllash, davlat xizmatchilari faoliyatiga halollik standartlarini singdirish, aholining korrupsiyaga qarshi bilimlarini oshirib borish – shular jumlasidandir

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер