Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati instituti vakillarining ishtiroki: muammo va yechimlar

15:35 05 Dekabr 2022 Jamiyat
320 0

9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan oʻtkazilayotgan “Aksilkorrupsiya haftaligi” doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan joriy yilning 5-dekabr kuni “Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati instituti vakillarining ishtiroki: muammo va yechimlar” mavzusida nodavlat notijorat tashkilotlari (NNTlar) vakillari bilan muloqot boʻlib oʻtdi.

Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMT TD), BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boshqarmasi (BMT GJB), “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya) hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 40 dan ziyod NNT vakillari ishtirok etdi.

Mazkur muloqot orqali korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlariga fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, NNT vakillarini keng jalb qilish, sohadagi islohotlar ijrosini taʼminlashda ularning ishtirokini kuchaytirish va faolligini oshirish, shuningdek, bu yoʻnalishda oʻzaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilish maqsad qilingan.

Shu maqsadda faol muloqotlar mobaynida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida NNTlarning imkoniyatlaridan toʻliq foydalanishga toʻsiq boʻlayotgan muammolar hamda ularni bartaraf etishning aniq va amaliy yechimlari xususida oʻzaro fikr almashildi.

NNT uchun korrupsiyaga qarshi kurashishda yangi usul va vositalar, ushbu jarayonlarda xorijiy davlatlar ilgʻor tajribasini oʻrganish, OAV orqali korrupsiyaning oldini olish va halollikni shakllantirish mexanizmlari kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda BMT TD, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti xalqaro ekspertlarining fuqarolik jamiyatida korrupsiyani minimallashtirishga qaratilgan asosiy chora-tadbirlar, korrupsiyaga qarshi kurashishda NNTlar ishtirokining muhim jihatlari, bu borada ilgʻor xorijiy tajribalarga eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, NNTlar bilan birgalikda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish asosida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga oid ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalari koʻrib chiqildi.

Muloqot doirasida “Fuqarolik jamiyati institutlarini korrupsiyaga qarshi kurashish va oldini olishda innovatsiyalarni ishlab chiqish va joriy etish jarayoniga jalb qilish” qoʻshma tanlovi gʻoliblarining taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.

Maʼlumot oʻrnida: Mazkur qoʻshma tanlov joriy yil (17-iyun-10-iyul kunlari davomida) Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va BMT TD tomonidan “Oʻzbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” va “Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rolini oshirish uchun fuqarolik makonini, ayollar va yoshlar ovozini mustahkamlash” loyihalari doirasida tashkil etildi. Unda 9 ta NNT gʻolib deb topildi va korrupsiyaga oid loyihalarini hayotga tatbiq etishdi.

Taqdimotlarda, loyihalar doirasida jurnalistlar malakasi oshirildi, ayollarning faolligini oshirishga oid treninglar boʻlib oʻtdi, talaba yoshlar uchun kovorking markazi tashkil etildi, hududlardagi maktab oʻquvchilari uchun halollik darslari oʻtkazildi, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari uchun korrupsiyaga oid bilimlarni oʻzida aks ettirgan qoʻllanmalar tayyorlangani qayd etildi.

Tadbir yakunida hududlar va sohalar kesimida korrupsion xavf-xatarlarni aniqlash va ularning sabablarini oʻrganishga oid sotsiologik tadqiqotlar tashkil etishda ham NNTlarni jalb etish orqali ularning davlat va jamiyat hayotidagi ahamiyatini oshirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.

Shuningdek, NNTlarning ushbu yoʻnalishda faoliyat olib borayotgan ekspertlar bilan hamkorligini kuchaytirish borasida mulohazalar bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?