Korrupsiyaga qarshi kurashishda barcha birdek masʼul

20:02 28 Oktyabr 2021 Jamiyat
228 0

Foto: Халқ сўзи

Jizzaxda Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Jizzax viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlari, kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berildi.

Prezidentimizning 2020-yil 26-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy Kengashi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari toʻgʻrisidagi nizom hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Korrupsiyaga karshi kurashish hududiy kengashlari aʼzolari tarkibi tasdiqlandi. Unga koʻra hududiy kengash aʼzolari 38 nafar boʻlib, ular deputatlar, huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari, korxona va tashkilotlar, NNT, OAV vakillari, tadbirkorlar va mehnat faxriysidan tashkil topadi.

Jizzax viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashning yigʻilishlari oʻtkazilib, joriy yil oktyabr-dekabr oylari uchun aniq vazifalar belgilangan. Bugungi kunda hududiy kengash aʼzolaridan iborat guruhlar tashkil etilib, tezkor maʼlumotlar almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan. Shu bilan birga hududiy kengash tomonidan amalga oshirilgan ishlar oʻz vaqtida Milliy Kengashga taqdim etib borilmoqda.

Anjumanda jamiyat rivojiga gʻov boʻlgan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida barcha birdek harakat qilishi, bu borada davlat va jamiyat hamkorligi, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasini xalqqa yetkazish masalalarida oʻzaro fikr almashildi.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?