Korrupsiyaga qarshi kurashish va ochiqlik boʻyicha Toshkent forumi oʻtkazildi

08:17 05 Dekabr 2021 Jamiyat
262 0

Korrupsiyaga qarshi kurashish va ochiqlik boʻyicha Toshkent forumi boʻlib oʻtdi.

Unda Xitoy, Malayziya, Sloveniya, Ukraina, Gruziya, Ozarbayjon va Qozogʻiston korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha idora rahbarlari, shuningdek, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar, vazirlik hamda idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

«Aksilkorrupsiya haftaligi» doirasida oʻtkazilayotgan ushbu tadbirda Oliy Majlisi Senati Raisi T.Narbayeva kirish soʻzi bilan ishtirok etdi.

Davlat rahbari tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida taʼkidlaganidek Oʻzbekistonda ushbu illatga murosasiz kurash yangi bosqichga koʻtarilgan, bu borada muhim qonun hujjatlari qabul qilinib, mustaqil tuzilma tashkil etilgan.

Mamlakatimizda byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, “yashirin iqtisodiyot”ni qisqartirish choralari koʻrilmoqda hamda “Korrupsiyasiz soha” loyihalari amalga oshirilmoqda.

Parlamentning har ikki palatasida maxsus korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitalari tashkil etilib, parlament nazorati instituti mustahkamlandi.

Shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tashkil etildi.

Davlatimizda qonunchilik va maʼmuriy sohalarda amalga oshirilgan tizimli islohotlarning natijasida, Oʻzbekiston 2020-yil yakunlariga koʻra “Ochiq maʼlumotlarni kuzatish” xalqaro indeksida 125 pogʻonaga koʻtarilib, 44-oʻrinni egalladi. Bunda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi 20 ta yoʻnalish boʻyicha koʻrsatkichlarni oshkor qilib borish amaliyoti joriy etilgani ham muhim ahamiyat kasb etgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston dunyoda birinchilardan boʻlib “Ochiqlik prezumpsiyasi” tamoyilini Prezidentning “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan mustahkamladi.

Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish, davlat xizmatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashishning ilgʻor mexanizmlarini joriy etish boʻyicha milliy va xalqaro tajribani taqdim etish, qolaversa, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy va institutsional bazani yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.

Forum doirasida xorijiy mamlakatlar misolida korrupsiyaga qarshi boʻyicha koʻrilayotgan choralarning mohiyati va xususiyatlarini ochib berildi. Tadbirda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga havola etildi.

Bundan tashqari, davlat boshqaruvida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlarni koʻrish, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish «komplayens-nazorat» tizimini joriy etish, manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish, mansabdor shaxslarning mol-mulklarini deklaratsiyalash va tartibga solishning usullari, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishda fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini jalb etish yuzasidan ishtirokchilar oʻrtasida fikr almashildi.

Shuningdek, tadbir doirasida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan aksilkorrupsiyaviy islohotlarni xalqaro hamjamiyat vakillariga yetkazishga qaratilgan “Uzbekistan Anti-corruption digest” jurnalining ilk soni taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Koʻrilgan masalalar yuzasidan ishtirokchilar tomonidan taklif va tavsiyalar tayyorlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?