Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan har yil yakuni boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik indeksi shakllantiriladi

10:38 15 Iyun 2022 Jamiyat
218 0

“Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasi quyidagi 8 ta indikator asosida baholab boriladi:

— davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlashga masʼul boʻlgan xodimlar faoliyatining samaradorligi;

— davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlarida axborotlarni joylashtirish va elektron davlat xizmatlari koʻrsatish holati;

— ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarni qonunchilikda belgilangan axborot resurslarida eʼlon qilish va jamoatchilik oldida hisobdorlik tizimining yoʻlga qoʻyilishi;

— byudjet jarayonining ochiqligini taʼminlashga oid maʼlumotlarning rasmiy veb-saytda joylashtirilishi;

— Ochiq maʼlumotlar portalida maʼlumotlar joylashtirilishi;

— ommaviy kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishi;

— korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish holati;

— jamoatchilik kengashi faoliyatining samaradorligi.

Farmonga muvofiq:

— Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan har yil yakuni boʻyicha Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik indeksi shakllantiriladi va “eanticor.uz” elektron platformasi va ommaviy axborot vositalari orqali ochiq eʼlon qilib boriladi;

— Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlik darajasi “0” balldan “100” ballgacha reytingda baholanib, quyidagi toifalarga ajratiladi:

— 71 balldan 100 ballgacha – “yashil”

— 55 balldan 71 ballgacha — “sariq”

— 55 balldan past — “qizil”.

Ochiqlik darajasi eng yuqori deb topilgan davlat organi yoki tashkilotining sohaga masʼul xodimlarini ragʻbatlantirish, aksincha, salbiy boʻlganlarini qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik masalasi hal etiladi.

Agentlikka davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash borasida quyidagi qoʻshimcha huquqlar berildi:

— davlat organlari, tashkilotlari va ularning mansabdor shaxslariga ochiqlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida ogohlantirish eʼlon qilish;

— ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarning buzilishiga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini koʻrish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish;

— rasmiy veb-sayt va boshqa axborot resurslarida eʼlon qilingan ochiq maʼlumotlarning haqqoniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilib olish haqida soʻrovnoma yuborish.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?