Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalarining vazifalari belgilandi

23:48 09 Sentyabr 2021 Jamiyat
239 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi belgilangan.

Mazkur topshiriq Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (bundan buyon matnda Agentlik deb yuritiladi) zimmasiga yuklatilgan.

Ichki nazorat tuzilmalari korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish, ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish choralarini koʻrishga masʼul hisoblanadi.

Shunga koʻra, Agentlik direktorining “Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi 2021-yil 8-sentyabr kuni davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Nizom bilan Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari oʻz faoliyatida bevosita tashkilotning birinchi rahbariga (kuzatuv kengashiga) boʻysunishi belgilandi. Bu oʻz navbatida, Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasining boshqa tarkibiy boʻlinmalardan mustaqil ravishda faoliyat yuritishini taʼminlaydi.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi rahbarlari tegishli tashkilot tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda oʻtkaziladigan ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi. Bu esa ushbu tuzilmalarga eng munosib kadrlar xizmat qilishiga zamin yaratadi.

Mazkur tuzilmalar rahbarlari Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining roziligisiz lavozimdan ozod etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi va tuzilmalar mustaqilligi taʼminlanadi.

Quyidagilar Nazorat tuzilmalarining asosiy vazifalari hisoblanadi:

- tashkilotning korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatini takomillashtirish;

- tashkilotda korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga qarshi kurashish;

- tashkilotda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini samarali ishlashini taʼminlash va nazorat qilish;

- korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikni olib borish.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun nizom bilan Korrupsiyaga qarshi nazorat tuzilmasiga qator huquqlar taqdim etilib, majburiyatlar yuklandi. Xususan, nazorat tuzilmasi xodimlari tekshiruvlar oʻtkazishi, hujjatlarni talab qilishi, xodimlardan yozma tushuntirishlar olishi mumkin. Tashkilot tizimida jinoyat alomatlari, xususan korrupsiya holatlari aniqlangan hollarda zudlik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri yuqori turuvchi organ, Agentlik va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beradi.

Nizom bilan, nazorat tuzilmasi faoliyatining natijadorligi va maqsadli koʻrsatkichlarining baholanishi hamda ularni nazorat qilish Agentlik tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Mazkur nizomning qabul qilinishi davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ISO37001:2016 xalqaro standarti talablariga javob beruvchi kompleks tizimni joriy etish va rivojlantirishga koʻmak beradi. Bu esa oʻz navbatida, korrupsiyaviy holatlarni barvaqt aniqlash va ularning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish, korrupsiyaviy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi hujjatlar ijrosini soʻzsiz taʼminlashga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?