“Korrupsiya hayotni, iqtisodiyotni va demokratiyani yoʻq qiladi” — Eldor Tulyakov

14:31 23 Noyabr 2021 Jamiyat
561 0

Ayni kunlarda Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan tasdiqlangan 9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bagʻishlangan Aksilkorrupsiya haftaligi doirasida Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, galdagi vazifalar muhokama etilmoqda.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Markaziy bank hamkorligida “Bank-moliya sohasidagi korrupsiyaga qarshi kurashishning dolzarb masalalari" mavzuida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimlari, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy bank mutaxassislari, Respublikada faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Dastlab, tadbirni moderator sifatida boshqarib borgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov oʻz kirish nutqida korrupsiyalashgan mamlakatlarning iqtisodiyoti toʻgʻri ishlay olmasligi, korrupsiya tabiiy qonuniyatlarning erkin ishlashiga xalaqit berishi va mamlakat iqtisodining gullab-yashnashiga jiddiy toʻsiq boʻlishini taʼkidlab oʻtdi.

«Korrupsiya hayotni, iqtisodiyotni va demokratiyani yoʻq qiladi. Korrupsiya kambagʻal mamlakatlarning qashshoqlikda qolishiga, mojarolar va beqarorliklar kelib chiqishiga, shuningdek, moʻrt muhitning paydo boʻlishiga xizmat qiladi. Oʻrganishlar rivojlanayotgan mamlakatlarda rivojlangan mamlakatlarga nisbatan korrupsiya ancha yuqori boʻlishini koʻrsatmoqda.

Korrupsiyalashgan mamlakat iqtisodiyotida resurslar ham samarasiz taqsimlanadi, sababi toʻgʻri yoʻl bilan gʻalaba qozona olmaydigan kompaniyalar, koʻpincha, poraxoʻrlik yoki ulush berish evaziga davlat buyurtmalariga va loyihalariga ega boʻlishadi. Moliyaviy oqimlarning kattaligi tufayli davlat xaridlari firibgarlik va korrupsiya tuzogʻiga tushishi ehtimoli yuqori boʻlgan eng zaif yoʻnalishlardandir.

Iqtisodiyotning korrupsiyalashishi taʼlim va sogʻliqni saqlash sifatining yomonlashishiga, bu esa, oʻz navbatida, aholining umumiy turmush darajasining pasayishiga olib keladi.

Jahon bankining maʼlumotlariga koʻra, korrupsiya darajasi yuqori boʻlgan mamlakatlardagi oʻrtacha daromad korrupsiya darajasi past boʻlgan mamlakatlarnikining uchdan bir qismini tashkil qiladi. Shuningdek, bunday mamlakatlarda chaqaloqlar oʻlimi darajasi qariyb uch barobar yuqori, savodxonlik darajasi esa 25 foizga past boʻladi» — dedi Eldor Tulyakov.

Shuningdek, davra suhbatida ishtirokchilar tomonidan «Bank tizimida korrupsiyaga qarshi Komplayens nazoratning joriy etilishi», “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertiza qilish masalalari”, “Korrupsiyaning oldini olish va korrupsiyaga qarshi kurashish maqsadida moliya tizimi va byudjet sohasida amalga oshirilayotgan ishlar” hamda “Bank-moliya tizimida korrupsiyaga qarshi kurash: xalqaro andozalar va normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilishning ayrim masalalari” kabi bir qator mavzular atroflicha muhokama qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi raisi Jahongir Shirinov fikricha, Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻz siyosatiga ega.

Iqtisodiyotning muhim boʻgʻini boʻlmish bank-moliya tizimidagi korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, bunday salbiy holatlarning oldini olish, kelib chiqish sabablarini tahlil qilish, bu boradagi korrupsiogen omillarni bartaraf etish masalalari dolzarblik kasb etib, boshqa sohalarda korrupsiyaga qarshi kurashishning muvaffaqiyatiga bevosita taʼsir koʻrsatadi.

Shu bilan birga tadbirda, korrupsiya bilan bogʻliq holatlar eng koʻp uchrashiga sabab boʻluvchi davlat byudjeti mablagʻlaridan foydalanish, davlat xaridlari, kapital qurilish, litsenziya va ruxsatnomalarni olish, bank kreditlarini ajratish kabi yoʻnalishlarda korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etish boʻyicha tegishli tashkilotlar bilan fikr-mulohazalar almashildi.

Davra suhbati yakunida ishtirokchi ekspertlar tomonidan bu kabi hamjihatlikda tashkil etilgan tadbirlar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi amaliy tashabbuslarning oʻz vaqtida hayotga tatbiq etilishida hamda zamonaviy uslub va yondashuvlarni qoʻllashda oʻz samarasini berishi taʼkidlandi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?