“Korrupsiya balosiga qarshi faqat davlat-huquqiy choralar bilangina kurashib boʻlmaydi” — Prezident

12:26 06 Noyabr 2021 Siyosat
345 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining Oʻzbekiston Respublikasi saylangan Prezidentining lavozimiga kirishishiga bagʻishlangan qoʻshma majlisi davom etmoqda. Shavkat Mirziyoyev tadbir davomida nutq soʻzlamoqda.

Taʼkidlanganidek, tadbirda yana bir muhim masala — soʻnggi besh yilda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosati darajasiga olib chiqilgani qayd etildi.

Senat Raisi rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi tashkil etildi. Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham faol ish olib bormoqda.

Prezidentimiz bundan buyon ham, taraqqiyot kushandasi boʻlgan ushbu illatga barham berishga davlat va jamiyatning barcha kuch va vositalari safarbar etilishini taʼkidlab oʻtdi.

«Bu borada aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, tizimli preventiv choralarni koʻrish zarur. Shu asosda korrupsiyaning nafaqat oqibatlarini, balki sabablarini oldindan bartaraf etish boʻyicha, taʼsirchan choralar amalga oshiriladi.

Lekin, hammamiz yaxshi tushunamizki, korrupsiya balosiga qarshi faqat davlat-huquqiy choralar bilangina kurashib boʻlmaydi. Buning uchun butun jamiyatimizda, avvalo, yoshlar ongida bu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, barcha sogʻlom kuchlarni birlashtirish hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Xalqparvar davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etishda, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qabul qilinayotgan qonun va qarorlarning mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish muhim ahamiyatga ega.

Shuning uchun, fuqarolar oʻrtasida qonunga hurmat va amal qilish hissini shakllantirish – bogʻcha va maktabdan tortib oliygohgacha, barcha taʼlim muassasalarining, har bir oilaning birinchi navbatdagi vazifasi boʻlishi kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbir davom etmoqda.

Rahim ShERQULOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?