Korporativ munosabatlarga kirishishda ortiqcha toʻsiqlarni yaratuvchi qoida va majburiy talablar bekor qilinishi kutilmoqda

18:06 03 Dekabr 2021 Jamiyat
296 0

Tadbirkorlar, xoʻjalik jamiyatlarining muassislari (aksiyadorlari) va boshqaruv xodimlari uchun muhim yangilik.

Adliya vazirligi tomonidan korporativ munosabatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Loyiha bilan yuridik shaxslarni qayta tashkil etishda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish, xoʻjalik jamiyatlari ishtirokchilari va ijro organi masʼuliyatini oshirish, ularning huquqlarini yanada kengaytirishga qaratilgan islohotlar nazarda tutilmoqda.

Xususan, loyiha bilan xoʻjalik jamiyatlarini ommaviy va ommaviy boʻlmagan jamiyatlarga tasniflash taklif etilmoqda.

Bunda xoʻjalik jamiyatlari oʻz ustavlariga ommaviy jamiyat hisoblanishi toʻgʻrisida oʻzgartirish kiritish orqali qayta roʻyxatdan oʻtkazishda davlat boji toʻlashdan ozod etilishi taklif etilgan.

Shuningdek, korporativ munosabatlarga kirishishda ortiqcha toʻsiqlarni yaratuvchi qoida va majburiy talablarni bekor qilinishi mumkin.

Bundan buyon:

— xoʻjalik jamiyatlarining taʼsis shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilmaydi;

— xoʻjalik jamiyatlarida taftish komissiyasi (taftishchi) majburiy boʻlmaydi;

— aktivlarining balans qiymati 1 mlrd soʻmdan koʻp boʻlgan korxonalarda, shuningdek, aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 100 ming karrasidan koʻp boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarida ichki audit xizmatlarini tashkil etish majburiy boʻlmaydi;

— MCHJ ijroiya organi vakolatlarini yuridik shaxsga (ishonchli boshqaruvchiga) berish boʻyicha taqiq bekor boʻladi;

— yuridik shaxs hisoblangan xoʻjalik jamiyati ishtirokchilari

oʻz vakillari orqali umumiy yigʻilishda ishtirok etish uchun ishonchnomani notarial tartibda tasdiqlashi shart boʻlmaydi.

Korporativ munosabatlarni soddalashtirish, muassislar (aksiyadorlar) huquqlarini kafolatlash va yuridik shaxslarning faoliyatini tartibga solishga oid qonunchilik takomillashtiriladi.

Yaʼni:

— yuridik shaxslar qayta tashkil etilganda, ularning huquq va majburiyatlari, topshirish hujjatida bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, qayta tashkil qilingan yuridik shaxsga oʻtgan hisoblanadi;

— yuridik shaxsni qayta tashkil etish sud qarori bilan amalga oshmagan deb topilganda, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxs bilan tuzilgan bitimlar haqiqiy, yuridik shaxs esa faoliyat yuritgan deb hisoblanadi;

— xoʻjalik jamiyatlari oʻzlarida saqlayotgan hujjatlar va (yoki) ularning nusxalarini ishtirokchilarning (aksiyadorlarning) soʻroviga muvofiq taqdim qilishlari shart boʻladi;

— ishtirokchilar (aksiyadorlar) umumiy yigʻilishiga bitimni yirik bitim deb topish boʻyicha qoʻshimcha mezonlarni belgilash huquqi beriladi;

— ishtirokchilar (aksiyadorlar) boshqa ishtirokchilar (aksiyadorlar) bilan oʻz huquqlarini muayyan tarzda amalga oshirish yoki ulardan voz kechish va boshqa harakatlarni kelishib amalga oshirish toʻgʻrisida korporativ shartnoma tuzishga haqli boʻladi;

— davlat unitar korxonalarini va mulkchilik shakllaridan qatʼiy nazar barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan unitar korxonalarni tashkil etishni taqiqlanadi.

Yuridik shaxslarga respublikada konsorsium shartnomasiga muvofiq vaqtinchalik birlashmalar tuzish huquqi berilmoqda.

Xususan:

— konsorsium shartnomasi faqat tijoratchi tashkilot boʻlgan yuridik shaxslar oʻrtasida aniq bir xoʻjalik vazifalarini bajarish va ishtirokchilar faoliyatini muvofiqlashtirish uchun tuziladi;

— konsorsium shartnomasi tuzish va konsorsiumga yangi ishtirokchini qabul qilish faqat Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hududiy boʻlinmalarining raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan xulosasi olinganidan keyin amalga oshiriladi;

— konsorsium ishtirokchilari uning faoliyati bilan bogʻliq majburiyatlar boʻyicha solidar javobgar boʻlishi belgilanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?