Koronavirusning «kentavr» deb nomlangan yangi mutatsiyasi tarqalmoqda. U qanchalik xavfli?

12:35 14 Iyul 2022 Dunyo
604 0

Foto: Illustrativ foto

Shu kunlarda dunyo virusologlari koronavirusning BA.2.75 deb atalgan yangi mutatsiyasi jahon boʻylab keng tarqalishidan jiddiy xavotirda.

«Kentavr» nomi bilan ham yuritilayotgan ushbu kichik shtamm ilk bor iyun oyi boshida Hindistonda aniqlangandi. Oʻshandan beri bu yerda kasallanishlar soni keskin oshdi.

Masalan, hind diyorida joriy yilning 1-iyun sanasida 3700 kishida COVID-19 qayd etilgan boʻlsa, ayni paytga kelib kuniga oʻrtacha 17 ming bemorga koronavirus tashxisi qoʻyilyapti.

Tashvishlanarli jihati, BA.2.75 jugʻrofiyasi kun sayin kengayib bormoqda. Hozirga qadar u Hindistondan tashqari, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Kanada, AQSH, Avstraliya va Yangi Zelandiyada ham roʻyxatga olindi.

Tadqiqotchilar ushbu virus turini “ikkinchi avlod”ga mansub subvariant sifatida baholashyapti. Chunki u «omikron»ning BA.2 versiyasi mutatsiyaga uchrashi oqibatida hosil boʻlgan.

Ayni paytda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti yangi variantni diqqat bilan kuzatib bormoqda. Ammo uning jiddiyligini baholash uchun hali yetarli namunalar yoʻqligi aytilyapti.

Yevropa olimlari esa BA.2.75 «omikron»ning avvalgi versiyalariga nisbatan yuqumliroq va yanada ogʻir asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin, degan fikrda.

Chunki bu infeksiya turi BA.2 bilan solishtirilganda, sakkizta qoʻshimcha oqsil mutatsiyasiga ega. Shundan kelib chiqib, BA.2ga qarshi hosil boʻlgan immunitet BA.2.75 ga nisbatan samara bermasligi ehtimoli yuqori.

Sodda qilib aytganda, «omikron»ning BA.2 varianti bilan xastalanib, sogʻaygan odam BA.2.75 tashuvchisi bilan aloqa qilsa, qayta kasallanish xavfi mavjud.

Shunga qaramay, bugungi kunda koronavirusga qarshi qoʻllanilayotgan vaksinalar xastalikni yengishda eng samarali chora sifatida eʼtirof etilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?