Koronavirusning iqtisodiy saboqlari

16:55 25 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
599 0

Insoniyat taraqqiy etib, dunyoni globallashtirib, raqamli olamni ham yaratdi. Ammo, bunday qulay sharoitda turli xavf-xatar va tahdidlar ham koʻpayishini haligacha anglab yetganimiz yoʻq — ekologik muvozanatning buzilishi, iqlim oʻzgarishi, insonning palapartish harakati natijasida texnogen falokatlar bizni poylab turibdi... Ularning oldini olish uchun odamlaru yurtlarning oʻzaro kelishilgan oqilona harakati talab etiladi. Hozir boshdan kechirayotgan Covid-19 pandemiyasi buning yorqin isbotidir.

Texnika-texnologiya yutuqlari joriy etilishi natijasida rivojlangan mamlakatlarda shakllangan hayot qulayliklari eyforiyasi taʼsirida shakllangan notoʻgʻri gʻoyalardan ham voz kechish lozim.

Iqtisodiy sohada shunday notoʻgʻri stereotip gʻoyalardan biri — yalpi ichki mahsulotning (YAIM) oʻsishiga iqtisodiy taraqqiyotning asosiy umumiy koʻrsatkichi sifatida liberal iqtisodiy qarash.

2017-yilgi Rim klubi hisoboti mualliflarining xulosalariga qoʻshilmaslik mushkul. Ularning fikriga koʻra, YAIM koʻrsatkichi farovonlikni emas, balki sarf-xarajatlarni aks ettiradi va bozor subyektlari moddiy-moliyaviy manfaatlari mezoni boʻlgan foydanigina ifodalaydi. YAIMni oʻlchaydigan yagona narsa — pulning iqtisodiyotda harakatlanish tezligi. Mualliflar paradoksal holatlarni qayd etadilar: neft toʻkilishi favqulodda vaziyatlarini bartaraf etish bilan bogʻliq xarajatlar, shuningdek, kasalliklar, falokatlar va baxtsiz hodisalarning barchasi farovonlikni pasaytirsa ham, YAIMni koʻpaytiradi.

Maʼlumotlarga qaraganda, eng koʻp YAIM ishlab chiqarayotgan mamlakatlar atrof-muhitni ifloslantirish borasida ham “peshqadam”dirlar.

Qizigʻi, bu yilning 9 oyida mamlakatimizda statistika maʼlumotlariga qaraganda YAIM 0,4 foiz oʻsibdi. Pandemiya sharoitida dunyo iqtisodiyoti tanazzulga yuz tutgan, shu jumladan, oʻzimizda ham aksariyat korxonalar va odamlar toʻliq ishlamagan paytda bu qanday oʻsish? Niqob, antiseptik vositalar ishlab chiqarilishi, koronavirus bilan kasallanganlar uchun shifoxonalar qurilishi, qolaversa Olot, Qorakoʻlda yuz bergan tabiiy noxushlik, Sardoba texnogen falokatini bartaraf etish xarajatlari hisobiga emasmi? Bizga shu kerakmi?

Ikkinchi notoʻgʻri stereotip gʻoya — inflyatsiyani biryoqlama — faqat salbiy iqtisodiy hodisa sifatida baholash. Toʻgʻri, choʻntagimizdagi 10 soʻm pulimiz ertaga 9 soʻmga, indinga 8 soʻmga aylanishi quvonarli hol emas, albatta. Ammo, umumiqtisodiy nuqtayi nazardan qaraganda, isloh qilinayotgan iqtisodiyot uchun, agar muomalaga qoʻshimcha chiqarilgan pullar real iqtisodiyotni rivojlantirish, tarkibiy oʻzgartirishlarni amalga oshirish, samarali investitsiyalar va ijtimoiy masalalarni hal etish uchun sarflansa, inflyatsiya foydali boʻlishi mumkin.

Majoziy maʼnoda aytadigan boʻlsak, isloh qilinayotgan iqtisodiyot uchun boshqariladigan inflyatsiya — kasallikdan davolovchi ogʻriqli tibbiy muolaja, achchiq doridek. Bu muolajani yuqori malakali shifokor oʻtkazishi kerak.

Fikrimizcha, mamlakatimiz bosh banki tomonidan olib borilayotgan pul-kredit siyosati ham inflyatsiya rolini notoʻgʻri, biryoqlama baholashga asoslangan. Xususan, ayni paytda asosiy foiz stavkasi 14 % etib belgilangan sharoitda kreditlar 15 — 20 % va undan yuqori foizga beriladi. Real iqtisodiyotda esa (sanoat, qishloq xoʻjaligi, qayta ishlash sohalari, qurilish va h.k.) foyda darajasi bunday foizlarni toʻlashga imkon bermaydi. Biroq, oldi-sotdi faoliyati boshqa gap... Yaʼni inflyatsiyaga qarshi kurashish shiori ostida real sektorni moliyaviy resurslar bilan taʼminlash imkoniyati cheklanadi. Iqtisodiyotimiz sohalari oʻrtasidagi oʻzaro toʻlovga noqobillik, aylanma mablagʻlarning yetishmasligi ayni shu bilan bogʻliqdir. Agrar sektorimizda aylanma mablagʻlar yoʻq hisob: yil boshida (qishloq xoʻjalik ishlari boshlanganda) soha markazlashgan fond orqali banklar vositachiligida kreditlanadi, yil oxirida (hosil sotilgandan keyin) kreditlar qaytariladi...

Bir necha yil oldin qaysi soha yoki korxonani rivojlantirish kerak boʻlsa, unga yakka tartibda turli soliq imtiyozlari va boshqa qulayliklar berilardi. Soʻnggi yillarda iqtisodiyotimizda barcha subyektlar uchun teng sharoit yaratib, sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida bunday amaliyotdan voz kechishga qaror qilindi. Shunday boʻlsa-da, eski nomaqbul amaliyot, fikrimizcha, ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlar uchun bank kreditlari foizlarini byudjet va nobyudjet fondlar orqali qisman qoplash tarzida hanuzgacha davom etib kelyapti... Xullas, nima boʻlsa boʻlsinu, banklar ziyon koʻrmasin. Goʻyo banklar real iqtisodiyotga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar emas, balki iqtisodiyot banklarning barqaror daromadlarini shakllantirish uchun xizmat qilishi kerakdek. Joriy yilning 9 oyida bank kartalaridan 43,4 trln. soʻmlik mablagʻlar aholi tomonidan naqdlashtirib olingan. Bu bank komissiyasi 1 %ga teng boʻlgan taqdirda birgina shu turdagi operatsiya hisobiga banklar 400 mlrd. soʻm daromad olganini anglatadi.

Uchinchi notoʻgʻri stereotip gʻoya — bozor romantizmi, yaʼni jamiyat hayotining barcha jabhalarini bozor tamoyillari asosida qurish mumkin degan gʻoyadir. Aslida bozor tamoyillari — xususiy mulk, raqobat, foyda olish maqsadi — real iqtisodiyotga, asosan moddiy ishlab chiqarishga xos tamoyillar. Ijtimoiy soha — sogʻliqni saqlash, taʼlim, madaniy, maʼnaviy, axborot sohalarida bozor tamoyillari toʻlaligicha ishlamasligi kerak va bu sohalar toʻliq maʼnoda biznesga aylanmasligi darkor. Xususan, odamlar koʻproq kasal boʻlishidan moddiy manfaatdor boʻlgan biznes-meditsina shakllanishiga yoʻl qoʻymaslik lozim.

Ijtimoiy xizmatlar qisman, ayrim turlari hatto toʻliq toʻlov asosida amalga oshirilishi mumkin. Ammo pullik degani har doim ham biznes-faoliyatni anglatmaydi. Pullik ijtimoiy xizmatlar, shu jumladan, tibbiy xizmatlar tadbirkorlik subyektlarining emas, balki nodavlat notijorat tashkilotlarining xizmatlari sifatida koʻrsatilishi mumkin.

Bugun koronavirusning xavfini anglamoqdamiz. Ertaga uni yengamiz. Indinga esa boshqa kutilmagan balo-qazolar boshimizga yopirilishi mumkin, toki taraqqiyotimizni resurslarni tejash, toza havo, inson salomatligi, tabiat bilan uygʻunlikda yashash kabi mezonlar bilan oʻlchamasdan, bozor romantizmiga berilib, YAIM koʻrsatkichini shishirishni maqsad qilib, buning ustiga muomalaga chiqarilgan pullarni samarasiz sarflayverib, ijtimoiy sohalar faoliyatini ham pul bilan oʻlchashni davom ettiraversak — buning oxiri voy boʻlishi mumkin...

Farhod QURBONBOYEV,
iqtisod fanlari nomzodi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?